Jahon | 16:51 / 16.05.2017
8534
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiyaga nisbatan sanksiyalarini kengaytirdi

Foto: vesti.ru

Ukraina prezidenti Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining qarorini imzoladi. Shu bilan sanksiyalar joriy qilingan Rossiya fuqarolari va kompaniyalari ro‘yxati kengaytirilib, avvalgi sanksiyalar muddatlari uzaytirildi, deyiladi Pyotr Poroshenko farmonida. Farmon prezident saytida e'lon qilingan. 

Ro‘yxatga kimlar kiritildi?

Farmonga taqdim etilgan ilovalarda keltirilishicha, kengaytirilgan ro‘yxatga 1228 nafar jismoniy shaxs va 468 yuridik shaxslar kiritilgan. Yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalar muddati 1 yildan 3 yilga uzaytirilgan. Jismoniy shaxslarga nisbatan sanksiyalar muddatlari bir yil, uch yil, besh yil va muddatsiz etib belgilangan.

Ro‘yxatga Rossiya davlat dumasining ayrim deputatlari ham kiritildi. Bundan tashqari, Kiyev Rossiyaning ayrim OAV, jumladan "Rossiya segodnya" xalqaro axborot agentligi, "Zvezda" va TVTs telekanallari, Nashe radio, NTV plyus, RenTV, RBK kabilarga sanksiyalarni joriy qilishga qaror qilgan. Shunday qilib, ushbu media kompaniyalar Ukraina hududida bloklanadi. Shu bilan birga, Kiyev ma'muriyati Rossiyaning taniqli jurnalistlariga ham shaxsiy sanksiyalar kiritdi. Bu ro‘yxatdan "Rossiya segodnya" XAA rahbarlari — bosh direktori Dmitriy Kiselev va bosh muharrir Margarita Simonyan bor. 

Ro‘yxatda, shuningdek, "Birinchi kanal" bosh direktori Konstantin Ernst, LifeNews telekanali bosh direktori Ashot Gabrelyanov, VGTRK rahbari Oleg Dobrodeyev, "Vremya" dasturi boshlovchisi Iroda Zeynalova, "Izvestiya" muharriri Aleksandr Potapov, NTV muxbiri Maksim Berezin, RUPTLY agentligi muxbiri Daniil Anisimov, "Ekspert" jurnali bosh muharriri Valeriy Fadeyev va boshqalar bor. 

"Rossiya segodnya" XAA rahbarlari Kiyevning agentlikka nisbatan kiritgan cheklov choralarini izohlashdi. "Bu Ukrainaning so‘z erkinligidan qanchalik uzoqqa ketganini isbotlaydi", — degan bosh direktor Dmitriy Kiselev.

Agentlik bosh muharriri Margarita Simonyan esa, "Kiyev bundan avval ham rossiyalik va xorijiy jurnalistlarga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan edi, endi agentlik va telekanallarga qarshi qo‘llamoqda. Faqat Rossiya OAV foydalanadigan Yaponiya diktofonlari va videokameralarini ham taqiqlash qoldi, xolos", — degan fikrlarni bildirgan. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirmoqda.

Pochta, ijtimoiy tarmoqlar va antiviruslar

Yuqoridagilardan tashqari, "Yandeks" kompaniyasi, "Kasperskiy Laboratoriyasi" va uning Kiyevdagi bo‘limi,  "Doktor Veb" kompaniyasi ham uch yil mobaynida Ukrainada biznes yurita olmaydi. "Vkontakte", "Odnoklassniki" va Mail.ru taqiqlandi. 

Sanktsiya ro‘yxatida, boshqa IT-kompaniyalar va Ukrainaning ular bilan bog‘liq yuridik shaxslari: "1S", "Korporatsiya "Parus", "Galaktika Tsentr", "Dokument Menejment",  "Envijn Grup", "Masterdata", "Softlayn Grup", taniqli ABBYY dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchisi, "Abi Ukraina LTD" MChJ va boshqa ayrim tashkilotlar bor. 

Mavzuga oid