Jahon | 19:35 / 19.05.2017
6052
3 daqiqa o‘qiladi

Assanj Fransiyadan boshpana so‘ramoqchi

Wikileaks asoschisi Julian Assanj Fransiyaga siyosiy boshpana so‘rab murojaat etmoqchi. Bu haqda uning advokati Huan Branko ma'lum qildi.

«Julian Assanj Londondagi Ekvador elchixonasini tark etishga harakat qiladi. U bir qator mamlakatlardan, xususan, Fransiyadan siyosiy boshpana berishni va AQShdan himoya qilishni so‘ramoqchi», deya uning so‘zlarini keltirgan France info. 

Advokat u boshpana so‘ramoqchi bo‘layotgan mamlakatlar nomini keltirmagan.

Shu bilan birgalikda Branko Assanj Londondagi elchixonadan chiqishi bilanoq Buyuk Britaniya politsiyasi tomonidan ushlanishi va AQShga topshirilishi mumkinligini istisno etmagan. Bu Shvetsiya prokuraturasi Assanjga nisbatan jinsiy tovlamachilik bo‘yicha tekshiruvlar olib borishni to‘xtatganiga qaramay ro‘y berishi mumkin.

Shvetsiya Julian Assanjga nisbatan jinoiy ishni to‘xtatdi

Londondagi Vestminster sudi uni 2012 yilning 29 iyunida sudga kelishdan bosh tortganida hibsga olishga order bergandi. London politsiyasi u Ekvador elchixonasidan chiqishi bilanoq qo‘lga olish huquqiga ega.

Assanjning advokatlaridan biri Melinda Teylor bundan avvalroq Shvetsiya prokuraturasi tekshiruvni bekor qilgan va sud hibsga olish to‘g‘risidagi orderni bekor qiladigan bo‘lsada, WikiLeaks asoschisi Britaniya poytaxtidagi Ekvador elchixonasidan chiqib ketishi qiyin bo‘lishi haqida aytgandi.

«Avvalo Britaniya hukumatining uni hibsga olmaslik to‘g‘risidagi va'dasini olmoq kerak», degan advokat.

Assanj barcha ayblovlarni inkor qiladi va Shvetsiya sudiga borsa, o‘zini AQShga ekstraditsiya qilishlaridan xavfsiraydi. Vashingtondagilar uni AQShning minglab maxfiy hujjatlarini oshkor qilib yuborgani uchun aybdor sanaydi.

Assanj 2012 yildan buyon Londonda yashab kelmoqda, Ekvador elchixonasi unga siyosiy boshpana berishga rozi bo‘lgan. Ushbu bino hududidan chiqish hozirda 45 yoshda bo‘lgan Assanj uchun qamoqqa tushishga tengdir.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid