Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gretsiyaning sobiq bosh vaziri portlash oqibatida yarador bo‘ldi
Gretsiyaning sobiq bosh vaziri Lukas Papadimosning mashinasi Afinada portladi. Bu haqda Afina axborot agentligi ma'lum qildi.
Portlash Afina markazidagi Marni va 3-sentabr ko‘chalari kesishmasida yuz bergan. Ma'lum qilinishicha, portlash oqibatida Papadimos va uning haydovchisi yarador bo‘lganlar.
"Janob Papadimos va uning haydovchisi shifoxonaga yetkazilgan", deb ma'lum qilingan politsiyada.
Reuters axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, mashinada konvertga yashirilgan portlovchi qurilma portlagan. Voqea joyiga politsiya va o‘t o‘chiruvchilar yetib kelishgan.
Ta'kidlanishicha, ayni vaqtda sobiq bosh vazir Evangelizmos shifoxonasida bo‘lib, uning oshqozon sohasida jarrohlik o‘tkazilmoqda. Shuningdek, u oyog‘idan jarohat olgan.
Papadimos 2011 yil noyabrda o‘shandagi bosh vazir Georgios Papandreu moliyaviy va siyosiy inqiroz vaziyatida iste'foga ketgandan keyin Gretsiyaning texnik hukumatini boshqargan. U bu lavozimni 2012 yil may oyigacha egallagan.
Hozirda 69 yoshda bo‘lgan Papadimos o‘z vaqtida Gretsiya banki direktori va Yevropa Markaziy banki vitse-prezidenti lavozimlarini egallagan.