Jahon | 10:29 / 26.05.2017
4641
7 daqiqa o‘qiladi

Italiyada G7 sammiti o‘z ishini boshlaydi

Foto: AFP

Bugun Italiyaning Taormin shahrida boshlanishi kutilayotgan G7 – "Katta yettilik" (dunyoning eng yirik 7 davlati – AQSh, Kanada, Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiya) sammiti terrorizmga qarshi kurash masalasi anjumanning asosiy mavzularidan biri bo‘ladi. 

Ekspertlarning ishonch bildirishlaricha, "yettilik" mamlakatlari ayni shu masalada o‘z qarashlarini birlashtirishi mumkin, chunki terrorchilik aktlari so‘nggi yilda siyosiy klubning deyarli barcha a'zolarida amalga oshirildi. 

Sammitning ikkinchi muhim mavzusi Rossiya masalasi bo‘lishi aniq. Albatta, delegatsiyalar bu haqda oshkora so‘z yuritishni xohlamayotgan bo‘lsa-da, sammit doirasida Rossiya bilan hamkorlik va munosabatlar muhokama qilinadi, deb yozadi RIA Novosti. 

Manchester dasturni o‘zgartirib yubordi

Foto: Reuters

Forumning asosiy mavzusi terrorizmga qarshi kurash masalasi bo‘ladi. Bu "Katta yettilik" sammitlari tarixida ilk marta muhokamaga kiritilmoqda. Yaqinda Manchesterda amalga oshirilgan qo‘poruvchilik bunga asos bo‘ldi. Hudkush Salmon Obidiy "Manchester Arena"da qo‘lbola portlovchi qurilmani harakatga keltirgan, oqibatda 22 kishi qurbon bo‘lgan, 75 kishi yaralangan edi. Xunrezlik uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi. 

Italiyaning Sitsiliya orolida bo‘lib o‘tajak anjuman sohibi, Italiya bosh vaziri Paolo Djyentiloni terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha alohida hujjat qabul qilinishi zarurligi haqida so‘z yuritmoqda. 25 may kuni poyoniga yetgan NATO sammitida uning qo‘shimcha qilishicha, Italiya Taormindagi anjuman muhokamasiga ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha deklaratsiyani taqdim etadi. 

G7 Research Group mustaqil guruhi ekspertlarining taxminlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Yevropaning qator mamlakatlarida amalga oshirilgan teraktlar "yettilik" mamlakatlarini terrorizmga qarshi kurashdagi hamkorligini faollashtirishlariga   asos bo‘lishi mumkin. Shu boisdan, Taormindagi yig‘ilish so‘nggida bayonot qabul qilinishi ehtimol. Shu masala bilan bir qatorda IShID va terrorizmni moliyalashtirish mavzusi ham muhokama qilinadi. 

Albatta, Eron va Shimoliy Koreyadagi vaziyat siyosatchilarning e'tiboridan chetda qolmaydi. Ekspertlarga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zi ishtirok etadigan uchrashuvlarda ushbu mavzularni ko‘tarishi aniq. Bundan tashqari, Pxenyan yadro dasturi va Koreya yarim orolidagi vaziyatni hal etish Yaponiya uchun ham muhim masaladir. Ushbu mamlakat bosh vaziri Sindzo Abe sammitning shu mavzudagi muhokamalariga rahbarlik qilish istagini bildirdi. 

E'lon qilinmagan mavzu

Garchi, rasman e'lon qilinmagan bo‘lsa-da, sammitdagi aksar muhokamalarda Rossiya masalasi ko‘rib chiqilishi turgan gap. "Rossiyaning Ukrainaga agressiyasi" va "Qrimning qo‘shib olinishi", G7 Research Group eksperti, Toronto universiteti professori Jon Kirtonning fikricha, "yettilik" yetakchilariga ma'lum ma'noda ta'sir o‘tkazmay qolmaydi. Uning aytishicha, yirik mamlakatlar bu boradagi bayonotlarida "Rossiya, nihoyat, sanksiyalar tufayli tiz cho‘kishidan avval o‘zini o‘nglab olishiga" ishongan holda Ukraina hukumatini jiddiy qo‘llab-quvvatlashlarini izhor qilishadi. 

Rossiya masalasidan tashqari, Boltiq mamlakatlaridagi vaziyat, Rossiya bilan terrorizmga qarshi kurash, xususan, Suriyada hamkorlik qilish masalalari muhokama etiladi. 

"Yettilik" mamlakatlari yetakchilari — migratsiya va odamlar kontrabandasiga qarshi kurash muammolariga ham e'tibor qaratishadi. Davlat rahbarlari Liviya, Suriya va Afrika mamlakatlaridan migratsiya oqimini muhokama qilishadi. Yakuniy kommyunikeda yetti davlatning bu boradagi qarashlari aks ettiriladi.
 
Afrika mamlakatlaridan migratsiya sabablarini muhokama qilishda BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh va Efiopiya, Keniya, Nigeriya, Niger va Tunis davlatlari vakillari ham ishtirok etishi kutilmoqda. Unda Sudan, Nigeriya va Janubiy Somalidagi ocharchilik masalalari, umuman, Afrika sharqi va shimolida oziq-ovqat xavfsizligi, epidemiyalarga qarshi kurash masalalari muhokama qilinadi. 

Sammitning xufyona yetakchisi

Foto: Reuters

 

25 may kuni Forumga tayyorgarlik doirasida ko‘pchilik "yettilik"ning yorqin yetakchisi kim bo‘lishi xususida fikrlarini bildirishdi. Bu safargi anjumanda bir necha yangi siyosatchilar tashrif buyurayotgani e'tiborga olinsa, G7 sammitida ishtirok etish bo‘yicha tajribaga ega Germaniya kansleri Angela Merkel anjumanning e'lon qilinmagan "yetakchisi" bo‘lishga haqli. Ekspertlarning fikricha, uning bayonotlari Germaniyada bo‘lajak parlament saylovlari oldidan muhim ahamiyat kasb etadi. 

"Xufyona yetakchi"lardan yana biri Fransiyaning yangi prezidenti Emmanuel Makron bo‘lishi mumkin. Uning ko‘plab muammolarga sof yondashuvi "yettilik" yetakchiliklarining Fransiya rahbari so‘zlarini diqqat bilan tinglashga majbur qilishi ehtimoldan xoli emas. 

AQSh prezidenti Donald Tramp bu borada hozircha imkoniyatni boy bermoqda. Ekspertlarga ko‘ra, Oq uyning yangi xo‘jayini kamera qarshisida o‘zini har doim ishonchli tutgan, biroq hamkasblari bilan bevosita muloqotlarda o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. 

2 mingdan ortiq jurnalist

Italiyaning sharqiy sohillarida bo‘lib o‘tajak sammitni yoritish uchun 2 mingdan ortiq jurnalistlar tashrif buyurgan. Ular Taormin va qo‘shni Djardini-Naksos shahrida tashkil etilgan 2ta matbuot markazida faoliyat yuritishadi. Aytish joizki, matbuot xodimlarini anjuman ishini yoritishdan tashqari yana bir muammo tashvishlantirmoqda. Ulari o‘z vaqtida uylariga qayta olish masalasi o‘ylantirmoqda. Gap shundaki, yaqin oradagi Katani shahri aeroportida Italiyaning yirik Alitalia aviakompaniyasi xodimlari ish tashlash o‘tkazadi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid