Jamiyat | 10:22 / 31.05.2017
4603
3 daqiqa o‘qiladi

Chexiyada jamoat joylarida chekkanlik uchun 200 dollar jarima solinadi

31 may – Chekishga qarshi xalqaro kurash kunida Chexiyada jamoat joylarida chekishni taqiqlovchi qonun kuchga kirdi. Endi bu mamlakatda restoranda yoqilgan sigaret uchun 5 ming kron (200 dollar) miqdorida jarima to‘lanadi.

"Yangi qonunni buzganlik uchun jarima solish 31 maydan amal qiladi. Restoran va boshqa jamoat joylari egalariga yangi qonunga tayyorgarlik ko‘rish uchun 90 kunlik imtiyozli davr berildi. Biroq bu davrdan keyin jarimalar ham kattaroq, 2 mln krongacha (80 ming dollar) bo‘ladi", deyilgan xabarda.

Yangi qonunga ko‘ra, endilikda Chexiyada jamoat joylari va jamoat transporti bekatlarida chekish va avtomatlar orqali, yoshlar ishtirokidagi tadbirlarda, maktablar yonida tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklar sotish to‘liq taqiqlanadi. Restoran va barlarda faqatgina ochiq terrasalarda chekish mumkin bo‘ladi. Aeroport va yirik savdo markazlarida chekish uchun maxsus xonalar tashkil etiladi. Shuningdek, elektron sigaretlar oddiy sigaretlarga tenglashtirdi.  

18 yoshdan kichik bo‘lganlarga sigaret va spirtli ichimlik sotgan savdo muassasasi rahbariga 2 mln krongacha jarima solinishi mumkin. Bundan tashqari, spirtli ichimlik sotiladigan joylar xodimlari tashrif buyuruvchilarning holatini kuzatishlari va ularga me'yoridan ortiqcha spirtli ichimlik bermasliklari shart bo‘ladi.

Avvalroq Yevropaning 11 ta davlatida: Portugaliya, Ispaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Latviya, Vengriya, Bolgariya, Gretsiya, Kipr va Maltada jamoat joylarida chekish to‘liq taqiqlangandi. Shuningdek, yana 11 ta davlatda: Shvetsiya, Finlyandiya, Daniya, Niderlandiya, Ruminiya, Estoniya, Litva, Polsha, Italiya, Belgiya va Sloveniyada kamdan-kam holatlardan tashqari, chekish taqiqlangan. Shuningdek, Germaniya, Avstriya, Slovakiya, Xorvatiya va Lyuksemburgda jamoat joylarida chekish qisman taqiqlangan.

31 may kuni butun dunyoda chekishga qarshi xalqaro aksiya – Tamakidan xoli xalqaro kun  (World No Tobacco Day) o‘tkaziladi. Bu kun 1987 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomondan tamaki chekish epidemiyasi va uning halokatli oqibatlariga e'tibor qaratish uchun ta'sis etilgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid