Sport | 09:00 / 01.06.2017
10479
3 daqiqa o‘qiladi

Afsonaviy hujumchilardan biri Garrinchaning jasad qoldiqlari g‘oyib bo‘ldi

Futbol bo‘yicha Braziliya terma jamoasining afsonaviy hujumchisi va ikki karra jahon chempioni Manuel Fransisko dus Santus yoki Mane Garrinchaning jasad qoldiqlari Rio-de-Janeyro shtatidagi qabristondan izsiz g‘oyib bo‘ldi. Bu haqda Globo xabar berdi.

Bu holat ro‘y bergani futbolchining qizi Rozanjyele dus Santus tufayli ma'lum bo‘ldi, u Garrinchaning qabri ustida maxsus xotira tadbirini tashkillashtirmoqchi edi. "Otam bunga loyiq emasdi", - deya ma'lum qildi u.

Ma'lum bo‘lishicha, mashhur o‘yinchining jasad qoldiqlari bir necha yil muqaddam yer ostidagi sag‘anadan oilaning boshqa bir a'zosi iltimosi tufayli olingan, u bu yerda boshqa qarindoshini dafn etishga qaror qilgan. Garrinchaning farzandlaridan hech biri bu haqda xabardor etilmagan. Eksgumatsiya jarayoni ro‘y berganini tasdiqlovchi bironta hujjat saqlanib qolinmagan, hamda qabriston xodimlari jasad qoldiqlari qayerga ketganini bilishmayapti. Katta ehtimol bilan ular butunlay yo‘qolgan.

"Biz bu masalani o‘rganib chiqdik, hamda aniq aytishimiz mumkinki, u ayni damda bu yerda dafn etilmagan. Bizda eksgumatsiya va jasad qoldiqlarining boshqa joyga ko‘chirilgani haqida ma'lumot bor, biroq aynan qayerga ekanini, biz bilmaymiz", - deya ma'lum qildi qabriston ma'muri Prisila Liberiu.

Garrincha jahon futboli tarixidagi eng yaxshi o‘yinchilardan biri hisoblanadi. Muxlislar uni “Qiyshiq oyoqli farishta”, deb atashardi, gap shundaki, hujumchining bir oyog‘i haqiqatdan ham boshqasidan olti santimetrga qisqaroq bo‘lgan, bu u yoshligida poliomiyelit bilan og‘rigani tufayli ro‘y bergan. Biroq bu futbolchiga milliy terma jamoa safida ikki bor jahon chempioni bo‘lishda xalal bermadi.

Futbolchi 1983 yilda ichkilikbozlik oqibatida 49 yoshida vafot etgan va Majyedagi "Rais-da-Serra" qabristonida dafn etilgan. Shu bilan birga, uning qabr toshini tayyorlashda xatoga yo‘l qo‘yilgan – vafot etgan yil sifatida 1985 yil ko‘rsatilgan, aslida esa o‘yinchi 1983 yilda hayotdan ko‘z yumgan. Majye hokimi Rafael Tubarauning ma'lum qilishicha, bu holatda yagona yo‘l – qabristondan topilgan barcha noma'lum jasad qoldiqlarining DNK tahlilini o‘tkazish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid