Light | 10:48 / 03.06.2017
121000
7 daqiqa o‘qiladi

Inson organizmi uchun eng foydali yong‘oq turlari

Yong‘oqlar hajmi kichik bo‘lishiga qaramay, foydali moddalarga boydir. Ularda vitaminlar, minerallar, shuningdek "zararli" xolesterin darajasini pasaytirishga imkon beruvchi monoto‘yintirilgan va polito‘yintirilgan yog‘lar mavjud. Ko‘plab klinik sinovlar davomida yong‘oqlarning taomlarga qo‘shilishi organizmga ijobiy ta'sir qilishi, moddalar almashinuvini normallashtirishi va immunitetni oshirishi isbotlangan. Bunga ularning ancha kaloriyali mahsulot ekanini qo‘shsak, yengil tamaddi qilish uchun mukammal yegulikka ega bo‘lamiz.

Shunday bo‘lsa-da, ularni ertadan kechgacha yeyish maqsadga muvofiq emas. Yong‘oqning har bir turi faqatgina me'yorida iste'mol qilinganda, o‘ziga xos ozuqaviy va shifobaxsh xususiyatlarga ega bo‘ladi. Don't Panic yong‘oqlarning foydali xususiyatlariga oid maqolasi bilan bo‘lishdi.

Yong‘oq (oddiy)

Bu yong‘oq B2, B12, A, D C, E, K vitaminlari va ko‘plab boshqa moddalarga boy. Bunday yong‘oqlarda ayniqsa alfa-linol kislotasi ko‘p bo‘ladi. Shu bois yurak ritmini normallashtirishda yong‘oqlarning shu turi iste'mol qilinadi. Sezilarli natijalarga erishish uchun mutaxassislar kuniga 8 tagacha yong‘oq iste'molini tavsiya qilishadi.

 

Xandon pista

Yong‘oq kuchli allergiya qo‘zg‘atuvchi mahsulot hisoblanadi, shuning uchun uni iste'mol qilishda me'yorga rioya qilish lozim. "Dori" sifatida iste'mol qilinganda kuniga 30 gramm kifoya qiladi. Xandon pistalar B6, Ye vitaminlariga boy, shuningdek ularda yetarlicha mis, marganets, fosfor va muhim mikroelementlar mavjud. Xandon pista qon tarkibi va jigar faoliyatini yaxshilaydi hamda yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishini oldini oladi. Ularni har kuni iste'mol qilish o‘pka va boshqa organlar saratoni xavfini kamaytirishga yordam beradi.

 

Yeryong‘oq

Texnik jihatdan yeryong‘oq dukkakli o‘simliklar turkumiga kiradi. Yeryong‘oq asab tizimining normal faoliyati, DNK va RNK sintezi, miyaning to‘g‘ri ishlashi uchun zarur bo‘lgan  filat - B9 vitaminiga boy. Yeryong‘oqni me'yorida iste'mol qilish miya faoliyatini rag‘batlantiradi, keksayganda esa miyani aqliy faoliyat zaiflashuvidan himoyalaydi.

 

Bodom

Bodomda kalsiy boshqa yong‘oqlarga qaraganda ko‘proq. Bundan tashqari, u sellyuloza va E vitaminiga boy, bu esa organizmning yallig‘lanish jarayonlariga qarshi samarali kurashish imkonini beradi. Shu bilan birga bodom ko‘rish qobiliyatini yaxshilash, ichaklar faoliyatini normallashtirish, stresslarni yengish hamda uyquni tartibga keltirishda yordam beradi.

 

Keshyu

Keshyu hosili ikki qismdan iborat: mevasining o‘zi va uning tepasidagi yong‘oq. Ular po‘stloqsiz sotiladi. Xaridorlar qulayligi uchun emas, uning po‘stlog‘i ostidagi terini kuydiruvchi zaharli yog‘ mavjudligi uchun shunday qilinadi. Yong‘oq iste'mol uchun xavfsiz bo‘lishi uchun termik qayta ishlash jarayonidan o‘tkaziladi.

 

Keshyu A, V2, V1 kabi vitaminlar, sink, fosfor, kalsiy, temir moddalariga boy. Bunday elementlar to‘plami uni antibakterial va antiseptik xususiyatlar bilan ta'minlaydi. Yong‘oqning bu turi immun tizimini mustahkamlab, qondagi xolesterin miqdorini normallashtiradi, shuningdek yurak-qon tomir faoliyatini yaxshilaydi.

 

Funduq

O‘rmon yong‘og‘ida organizmga kerakli barcha aminokislotalar, shuningdek B, A, S, Ye, RR guruhlari vitaminlari mavjud. Funduqdagi temir moddasi miqdori uning go‘shtdagi miqdoridan ham ko‘p. Funduq organizmdan toksinlar va shlaklarni chiqarib tashlashga yordam beradi, immunitetni mustahkamlaydi, undagi Taxol moddasi esa o‘simtalarning hosil bo‘lishi va rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.

 

Makadamiya

Asl vatani Avstraliya bo‘lgan makadamiya eng kaloriyaga boy yong‘oqlardan biri hisoblanadi. Makadamiya V, Ye, RR guruhlari vitaminlari, kalsiy, selen, mis, fosfor, sink, kaliy, natriy, organik kislotalar va yog‘lar manbaidir. Uni me'yorida iste'mol qilish yurak-qon tomir kasalliklar uchun ajoyib profilaktika va suyaklar kasalligini samarali davolovchi vositadir. Bundan tashqari, yong‘oq antikosidant va yoshartiruvchi xususiyatlarga ega.

 

Pekan

Pekanning po‘stloqdagi hosillari zaytunlarga o‘xshaydi, shu bois uning ikkinchi nomi - "zaytun-yong‘oq". Pekanning shakli va ta'mi oddiy yong‘oqqa o‘xshab ketadi. Pekan 70 foiz yog‘lardan iborat, shuning uchun uni yog‘li mahsulotlardan alohida iste'mol qilish tavsiya etiladi. Yong‘oqning ushbu turi ko‘plab ozuqaviy va foydali moddalarga boy, shuningdek unda saraton hujayralari o‘sishini to‘xtatuvchi Ye vitamini turlaridan biri mavjud. Pekan ayniqsa avitaminoz, charchoq, kamqonlik va ishtahasizlikda foydalidir.

 

Kedr yong‘oqlari

Sibir kedr qarag‘ayi urug‘larida 19 aminokislota,  A, V, S, D, Ye, R vitaminlari, muhim makro- va mikroelementlar mavjud. Ularning konsentratsiyasi shu qadar yuqoriki, atigi 100 gramm kedr urug‘lari marganets, mis, sink, kaliy, kalsiy, kobalt va boshqa elementlarning sutkalik dozasiga bo‘lgan ehtiyojni qoplaydi.

Kedr yong‘oqlari organizmga umumiy mustahkamlovchi ta'sir ko‘rsatadi, asab tizimi faoliyatini normallashtiradi, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kamaytiradi. Yong‘oq po‘stlog‘ida yallig‘lanishga qarshi sezilarli ta'sir ko‘rsatadigan va og‘riqsizlantiradigan taninlar mavjud.

 

Bodom, keshyu, xandon pista

 

Yong‘oqlarning bunday to‘plami xushbichimlikni maqsad qilgan va parhez tutishga qaror qilgan kishilar uchun eng maqbul tanlov hisoblanadi. Omega-3 yog‘ kislotalari, oqsillar va sellyulozalar birikmasi o‘zingizni kuchga to‘lgandek his qilishingizga imkon beradi. Ular ishtahani pasaytirishga yordam berib, to‘qlik hissini beradi.

Qadoqsiz yong‘oqlar qadoqdagilariga nisbatan foydaliroqdir, zero ularda odatda yog‘ yoki shakar kabi turli qo‘shimchalar bo‘ladi.

Mavzuga oid