Jahon | 15:50 / 04.06.2017
7706
2 daqiqa o‘qiladi

Tereza Mey: Terrorchilar mafkurasi islom va haqiqatni buzib ko‘rsatadi

Foto: Reuters

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey yakshanba kuni mamlakatdagi so‘nggi teraktlar bir-biriga bog‘liq emasligi, biroq ularni bir mafkura bog‘lab turgani haqida ma'lum qildi. "Interfaks" shu haqida xabar berdi

"So‘nggi hujumlar bir tarmoq bilan bog‘liq bo‘lmasa-da, bir muhim jihatdan bog‘langan. Ularni islom ekstremizmining yovuz mafkurasi birlashtiradi", - dedi u. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mafkura erkinlik va inson huquqi kabi g‘arbiy qadriyatlarni tan olmaydi. "Bu mafkura islom va haqiqatni buzib ko‘rsatadi", - deya ta'kidladi bosh vazir.

Mey bunday mafkuralar ustidan g‘olib bo‘lishni "zamonamizning eng muhim vazifalaridan biri" deb atadi, biroq faqat harbiylar va aksilterror amaliyotlar bilan ularni mag‘lub qilib bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi. 

Bundan tashqari, Mey so‘nggi teraktlarga qaramay, Buyuk Britaniyadagi parlament saylovlari rejalashtirilganidek 8 iyunda bo‘lib o‘tishini ma'lum qildi. "Hech qachon zo‘ravonlik demokratik jarayonlarni to‘xtatib qo‘yishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak", - dedi u.

Shanba kuni kechqurun noma'lum kimsalar yuk mashinasida katta tezlikda London ko‘prigida yo‘lovchilarni bosib ketishgan. Shundan so‘ng ular yaqin oradagi Boro bozoriga borib, avtomobildan chiqib, ovchi pichoqlar bilan yo‘lovchilarga hujum qilishgan. Politsiya mazkur voqeani rasman terakt deb tan oldi. Londonning terorizmga qarshi kurash bo‘limi rahbari Mark Roulining aytishicha, hujumchilar 3 nafar bo‘lgan va ularning bari yo‘q qilingan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, terakt qurbonlari soni 7 nafarni tashkil qilgan, 50 ga yaqin kishi jarohat olgan. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid