O‘zbekiston | 18:44 / 06.06.2017
36370
2 daqiqa o‘qiladi

Iyun-iyul oylarida Rossiyaga boradigan O‘zbekiston fuqarolari ogohlantirildi

Foto: Sputnik

Rossiya Federatsiyasi prezidentining «Rossiyada Futbol bo‘yicha 2018-yilgi jahon chempionati va 2017-yilgi FIFA Konfederatsiyalar kubogini o‘tkazish davrida kuchaytirilgan xavfsizlik choralarini qo‘llash xususiyatlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq ushbu tadbirlar o‘tkaziladigan vaqtda chet el fuqarolarini migratsion hisobga (ro‘yxatga) olish tartibi o‘zgartiriladi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qilgan.

Farmonga ko‘ra Rossiyaning 4 shahri — Moskva, Sankt-Peterburg, Sochi va Qozonda 2017 yilning 1 iyunidan 12 iyuligacha, shuningdek 2018 yilning 25 mayidan 25 iyuligacha Moskva, Sankt-Peterburg, Volgograd, Yekaterinburg, Qozon, Kaliningrad, Nijniy Novgorod, Rostov, Samara, Saransk va Sochida chet el fuqarolarini migratsion hisobga qo‘yish muddati Rossiyaga kelgan kunidan boshlab bir sutkagacha qisqartirildi.

«Vaqtinchalik bo‘lib turish (vaqtinchalik yoki doimiy yashash) uchun kelgan chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni bo‘lib turish joyida hisobga qo‘yish yoki yashash joyida ro‘yxatga olish ularning bo‘lib turish joyiga yoki yashash joyiga yetib kelgan kunidan boshlab bir sutka ichida Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida ko‘zda tutilgan hujjatlarni qabul qiluvchi tomon yoki bevosita chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgach, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining tegishli hududiy organi tominidan amalga oshiriladi», — deyilgan hujjatda.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mazkur o‘zgarishlarni albatta hisobga olishlari shart. Zero o‘z vaqtida migratsion hisobga qo‘ymaslik ma'muriy tartiblarni buzganlik deb baholanishi va keyinchalik Rossiya hududiga kirishga cheklov qo‘yilishiga olib kelishi mumkin.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid