Haybarakallachilik: o‘qituvchilar yana majburiy hasharga chiqarildi
So‘nggi oylarda o‘qituvchilarning turli hasharlarga olib chiqilayotgani va bu qonun doirasida amalga oshirilmayotgani borasida Kun.uz tahririyatiga murojaatlar kelib tushmoqda. Ana shu murojaatlar asosida esa bir qancha maqolalar tayyorlanib, sayt o‘quvchilari e'tiboriga havola qilindi ham. Bundan asosiy maqsad mutasaddi tashkilotlar e'tiborini bu og‘riqli vaziyatga qaratish hamda bu ishlarning kelajakda takrorlanmasligiga urinish edi. Ammo vaziyat o‘zgarmagan shekilli, huddi shu mazmundagi murojaat Samarqand viloyati, Urgut tumanidan kelib tushdi. Unda quyidagi holatlar tilga olingan:
“Joriy yilning 9 iyun kuni Samarqand viloyati, Urgut tuman hokimining buyrug‘i chiqib qoldi. Unda tumandagi istirohat bog‘ida “Nuroniylar maskani” qurilishiga tumandagi barcha maktab va kollej o‘qituvchilari hamda shifoxona xodimlari hasharga safarbar qilinishi aytilgan. Bu haqida ta'lim muassasasi direktorlariga buyruq kelgan. Buyruq bizga ham tarqatildi.
O‘ylanib qoldim, shu binoni qurish oldidan hammasi hisob-kitob qilingandir. Quruvchiyu mardikorni jalb etish, ularning ish haqi... Lekin o‘qituvchi qurilishga borgani uchun haq olmaydi, kunlik yeguligi ham o‘zi bilan. Xuddi o‘rta asrlardagi kabi hasharlarda ishlaydi. O‘qituvchini parkda hasharda ko‘rgan o‘quvchi kelajakda, albatta, o‘qituvchi bo‘laman demasligi aniq! Bu holatlarga hech kim e'tibor bermaydimi?..”.
Mazkur masala yuzasidan xalq ta'lim vazirligi bilan bog‘lanildi. Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, haqiqatda voqea shunday tus olgan. Bu ishlar mahalliy hokimiyat tomonidan amalga oshirilishi tasdiqlandi. Buyruq yozma emas, balki og‘zaki ravishda berilgan. Unga ko‘ra, har bir ta'lim maskani 5 nafar o‘qituvchisini ishlash uchun safarbar etgan.
Joriy yilning 22 may kuni Kun.uz sayti orqali e'lon qilingan “O‘qituvchini bir kunda 6 soatdan ko‘p ishlatishga hech kimning haqi yo‘q” deb nomlangan maqolada keltirib o‘tilganidek: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi “Xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 275-sonli qaroriga ko‘ra fan o‘qituvchisi (1 stavka)ning yillik umumiy ish yuklamasi 1548 soat etib belgilangan.
Yuqoridagi yillik umumiy ish yuklamasini bajarish uchun umumiy o‘rta ta'lim maktabida 1 stavka ishlaydigan fan o‘qituvchisi yil davomida 34 hafta, haftasiga 36 soat, 1 kunda 6 soat ishlashi lozim. Umumta'lim maktablarida soatbay dars beradigan fan o‘qituvchilari bundan mustasno”.
Mavzuga oid
10:54 / 02.08.2024
Urgutda yo‘ldan o‘tayotgan 3 yoshli bola Cobalt urib ketishi oqibatida vafot etdi
22:17 / 29.07.2024
Samarqandda sodir bo‘lgan mudhish «avariya»da uch kishi hayotdan ko‘z yumdi
10:27 / 25.08.2023
Urgutda «Malibu-2» urib yuborgan piyoda halok bo‘ldi
10:13 / 05.08.2023