O‘zbekiston | 20:50 / 14.06.2017
31835
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston gaz qazib chiqarish bo‘yicha dunyoda sakkizinchi o‘rinda turadi

14 iyun kuni Xalqaro Press-klubda “O‘zbeknetfgaz: yangi davrga yangi strategiya bilan” mavzusidagi navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi. Sessiya davomida O‘zbekistondagi neft va gaz sohasidagi mavjud vaziyat hamda sohaning istiqbollari, shuningdek yangi loyihalar muhokama qilindi.

Cessiyada “O‘zbekneftegaz” Milliy xolding kompaniyasi boshqaruv raisi  Alisher Sultonov, kompaniya boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Saidov, kompaniya boshqaruv raisining o‘rinbosari Olimxon Rustamov, “Neftegazinvest” mas'uliyati cheklangan jamiyat direktori Bahodir Siddiqov hamda “O‘zbekneftegaz” MXKning tarkibiy tuzilmalari vakillari, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniyalar rahbarlari, soha ekspertlari, xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok  etdi. 

Neft-gaz sohasi o‘zining 25 yillik tarixi davomida O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy poydevorlaridan biriga aylandi. Yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi ham o‘z-o‘zidan ushbu soha taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq.  

Tadbirda qatnashgan "Kun.uz" xodimi ma'lumotiga ko‘ra, unda nufuzli ekpertlar Markaziy Osiyodagi foydali qazilmalarning uchdan biri O‘zbekiston hududida  joylashganini ta'kidlashgan. Gaz qazib chiqarish bo‘yicha mamlakatimiz dunyoda sakkizinchi o‘rinda turadi.

Ta'kidlash joizki, “O‘zbekneftegaz” MXK tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan  geologik qidiruv, qazib olish, qayta ishlash masalasida ham katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, qo‘shni davlatlarning tranzit loyihalarida ham ishtirok etmoqda. 

Milliy xolding kompaniyasi 3 pog‘onali vertikal strukturaga ega bo‘lib, uning tarkibidagi 200dan ortiq korxonalarda 130 mingga yaqin mutaxassis faoliyat yuritadi. Boy xomashyo bazasi, yuqori texnologik imkoniyatlar va xorijiy kompaniyalarning hamkorlikka intilishi neft va gaz sohasining rivojiga hissa qo‘shdi. O‘zbekistonga kiritilayotgan xorijiy investitsiyalarning katta qismi neft va gaz sohasiga yo‘naltirilgan.

Oxirgi yigirma yillik “O‘zbekneftegaz” MXK uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Aynan 2000-yillardan yirik xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi boshlandi. 1991-2016 yillar davomida umumiy hisobda $30,7 mlrd. o‘zlashtirildi.

Mavzuga oid