Jamiyat | 02:19 / 16.06.2017
15636
5 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizimga o‘tiladi

Foto: O‘zA

Toshkent shahrida "Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi" mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlari, din arboblari, "Nuroniy" va "Mahalla" jamg‘armalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati faollari, hokimliklar, huquq-tartibot idoralari vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, islomiy ta'lim muassasalari mutasaddilari va talabalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu tashkilotlar oldiga yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizimga o‘tish vazifasini qo‘ydi va e'tibor berilishi kerak bo‘lgan jihatlarni qayd etib o‘tdi:

"Birinchidan, joylarda maxsus hisobga olingan fuqarolarning turmush sharoiti, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, muammolarini o‘rganish, ushbu toifa shaxslar nega radikallashib ketganining sabablarini har tomonlama chuqur tahlil etish lozim.

Ana shu ishlarning natijalari bo‘yicha davlat va jamoat tashkilotlari faoliyatida qo‘llash uchun aniq tavsiya va takliflar ishlab chiqishni bugun hayotning o‘zi talab etmoqda. Agar biz shu yo‘nalishdagi ishlarni avvalgidek davom ettiradigan bo‘lsak, ya'ni, umumiy profilaktika ishlarini yoshlar radikal diniy oqim a'zosiga aylanganidan so‘ng o‘tkazadigan bo‘lsak, bunday xavf-xatarga qarshi hech qachon samarali kurasha olmaymiz. 

Qisqacha aytganda, uzoqni ko‘zlab, kerak bo‘lsa, hayotda bir qadam oldinda yurib, bizni dog‘da qoldirmoqchi bo‘lganlarning hiyla-nayranglarini avvaldan bilib, birinchi zarbani ular emas, biz berishimiz zarur. Shunda davlatning – davlat, jamiyatning – jamiyat ekani bor kuchi va qudrati bilan namoyon bo‘ladi. 

Ikkinchidan, diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha mahalla maslahatchilari, profilaktika inspektorlari, imom-xatiblar va huquqni muhofaza qilish organlarining tegishli xodimlari uchun malaka oshirish o‘quvlarini tashkil etish kerak. Bu o‘quvlarda ularni diniy ekstremistik va terrorchi guruhlarning ish usuli, g‘arazli g‘oya va maqsadlari bilan tanishtirib borish zarur. 

Adashgan shaxslar bilan ishlaydigan mutaxassis, u mahalla maslahatchisi, imom-xatib yoki profilaktika inspektori bo‘ladimi, avvalo buzg‘unchi kuchlar qanday g‘oyalarni ilgari surayotganini bilishi kerak. 

Aks holda u ana shu g‘oyalar xato ekani, dinu diyonatimiz, elu yurtimiz manfaatlariga zid kelishini tushuntirib berolmaydi. Bunday holatda qanday qilib adashgan kimsani to‘g‘ri yo‘lga ishontirish mumkin?

Uchinchidan, hokimlarning yoshlar bilan ishlash hamda jamoatchilik va diniy tashkilotlar, shuningdek, xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosarlari avvalo o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, turli soxta va'dalar, havoyi gaplar ortidan ergashgan fuqarolarimizning xonadonlariga kirib borishlari kerak. Ular bilan suhbat o‘tkazishlari, issiq-sovug‘i, tashvish va muammolaridan xabardor bo‘lishlari lozim. Ularning kundalik rejasida har kuni qaysi diniy oqim a'zosi bilan uchrashish, diniy-axloqiy jihatdan muammosi bo‘lgan xonadonning masalasini hal etish bo‘yicha aniq vazifalar aks etishi shart. 

Agar biz yolg‘on g‘oyaga aldanganlarni o‘z holiga tashlab qo‘yadigan bo‘lsak, ertaga chetda payt poylab turgan qabih yov kelib, uni o‘z ortidan yetaklab ketmasligiga kim kafolat beradi?

Bugungi kunda diniy ekstremistik oqim a'zolarining farzandlarini jamoat ishlariga, dunyoviy turmush tarziga, xususan, fan va kasb-hunar to‘garaklari, san'at festivallari, sport musobaqalariga jalb qilishga yetarlicha e'tibor qaratilmayapti. Buni albatta qoniqarli deb bo‘lmaydi. Nega deganda, bir-ikki marta nomiga tadbir o‘tkazish bilan ish bitmaydi. Bu yo‘nalishda har kuni, har soatda, doimiy va tizimli ravishda ish olib borish kerak. Buni ma'naviy hayot, g‘oyaviy-mafkuraviy ish deb qo‘yibdi. Bu bizga g‘alla yoki chigit ekish emas, urug‘ni tuproqqa tashladik, bo‘ldi, endi kutamiz, deb qarab o‘tirsak.

Mafkura sohasida bo‘shliq degan narsaning o‘zi hech qachon bo‘lmaydi. Chunki insonning qalbi, miyasi, ongu tafakkuri hech qachon axborot olishdan, fikrlashdan, ta'sirlanishdan to‘xtamaydi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid