O‘zbekiston | 18:26
438
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Yangi taraqqiyot banki bilan hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef bilan uchrashdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda mazkur xalqaro moliya instituti bilan hamkorlikni, birinchi navbatda, avvalgi uchrashuvlar davomida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

Dilma Rusef O‘zbekistondagi islohotlarni yuksak baholab, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini kelgusida ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

O‘zbekiston Yangi taraqqiyot bankiga a’zo davlatlar safiga qo‘shilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Energetika, suv xo‘jaligi, transport va muhandislik infratuzilmasi bo‘yicha hamda xususiy sektor va ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash borasida bank ekspertlari ishtirokida o‘rta muddatli qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirishga kelishib olindi. Yangi taraqqiyot bankining mintaqaviy ahamiyatga ega yirik transport-logistika loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi muhimligi ta’kidlandi.

Bankning O‘zbekistonda ekologik transformatsiya bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar va loyihalardagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi.

Kelgusida O‘zbekistonda Yangi taraqqiyot bankining yirik tadbirlarini o‘tkazish rejalari ham ko‘rib chiqildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid