Jahon | 15:02 / 24.06.2017
12502
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Grek va turk xakerlari o‘rtasida “urush” boshlandi

Kibermakonda gretsiyalik va turkiyalik xakerlar o‘rtasida urush boshlandi. Bu holat Gretsiya bosh vaziri saytiga kiberhujum amalga oshirilganidan so‘ng yuz bermoqda, deb xabar qildi Gretsiyaning Star telekanali.

Juma kuni Gretsiya bosh vazirining sayti bir necha soat davomida ishlamadi. Turkiyalik xakerlar guruhining ma'lum qilishicha, ular saytni Gretsiyada Istanbuldagi Ayasofiya ibodatxonasida Qur'oni Karim o‘qilgandan so‘ng norozilik yuz bergach, buzib kirishgan. "Ayasofiya bizniki!", - deya ma'lum qilishdi ular. Bosh vazir matbuot xizmati saytda muammolar yuzaga kelganini tan oldi, biroq xakerlar haqida hech narsa demadi, deya ta'kidlaydi telekanal.

Turkiyalik xakerlar hujumidan bir necha soat o‘tib Anonymous’ning Gretsiya guruhi Facebook’dagi sahifasida bayonot bilan chiqdi, ular ro‘y bergan holatga javob berishlarini aytishgan.

"Sizlar bizning bitta sahifamizni buzdingiz, biz esa sizlarning yuzlab saytlaringizni yakson qilamiz", - deya ma'lum qilishgan Anonymous Greece. Ular Turkiyaning www.yirmidort.tv telekanali saytini buzib kirishib, bu faqat boshlanishi ekanini qayd etishdi.

"Bu boshlanishi xolos. Turkiyaga xush kelibsiz! Ayasofiya greklarga tegishli. Sizlar hech narsa qila olmaysizlar. Greklar sizlardan kuchliroq", - deya yozishgan gretsiyalik xakerlar. Shundan so‘ng ular turk saytlariga ommaviy kiberhujumlar haqida ma'lum qilishdi, deb xabar beradi telekanal.

Mavzuga oid