Jahon | 00:21 / 26.06.2017
5337
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropada Belgiyadagi atom elektrstansiyalariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi

50 mingga yaqin belgiyalik, germaniyalik va gollandiyaliklar 25 iyunda Belgiyadagi "Tianj" AESining ikkinchi va "Dul" AESining uchinchi reaktorini yopish talabi bilan ommaviy namoyishlarda ishtirok etdilar, deb xabar bermoqda Belgiya OAV. Namoyish tashkilotchilarining ta'kidlashicha, namoyish ishtirokchilari yonma-yon turib, uzunligi 90 km lik transchegaraviy zanjirni tashkil qilishgan.  

Ma'lumotlarga ko‘ra, bu zanjir Belgiyadagi Lej yaqinida joylashgan "Tianj" AESini Germaniyadagi Axen va Niderlandiyadagi Maastrixt shaharlari bilan bog‘lashi kerak edi.

Belgiya bilan qo‘shni bo‘lgan, vaqt o‘tib yadroviy energetikadan voz kechishga qaror qilgan  Germaniya, Lyuksemburg va Niderlandiya AESlar holati va yoshidan xavotir bildirishmoqda.

Namoyishchilar anchadan beri ishlatilib, eskirib qolgan va korpuslarida mikrodarzlar aniqlanishi sababli 2 yildan ko‘proqqa to‘xtatilib, 2015 yilda yana ishga tushirilgan "Tianj 2" va "Dul 3"ni darhol to‘xtatishni talab qilishgan.

Belgiya hukumati xalqaro mutaxassislar bilan bir qator sinov va maslahatlashuvlar o‘tkazgach, reaktorlarni yana ishga tushirishga ruxsat bergandi.

Bu holat Belgiya va unga qo‘shni davlatlardagi jamoatchilikni xavotirlantirmoqda. Namoyishchilar, shuningdek, amaldagi hukumatning qolgan eskirib qolgan reaktorlar ishlash muddatini yana 10 yilga uzaytirish qaroriga qarshi chiqishmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid