O‘zbekiston | 17:40 / 03.07.2017
40289
3 daqiqa o‘qiladi

Yosh vazir o‘rinbosari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini o‘chirib tashladi

Foto: Kun.uz

Shavkat Mirziyoyev tomonidan tajriba tariqasida Xalq ta'limi vazirining o‘rinbosari etib tayinlangan Alisher Sa'dullayev Xalqaro press-klubda «O‘zbekistonda yoshlar siyosati: dolzarb masalalarga zamonaviy yondashuv» mavzusida tashkil etilgan uchrashuvda ishtirok etdi.

23 yosh arafasidagi vazir o‘rinbosari o‘zining yangi lavozimdagi taassurotlari haqida gap boshlar ekan, avvalo ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarini o‘chirib tashlagani haqida aytdi. U buni o‘zining yangi lavozimi haqida xabarlar tarqalishi ortidan behisob savollar kelib tushishi bilan izohlab o‘tdi.

U o‘zining hammaning oldida prezident tomonidan tayinlanishi - boshqa yoshlarda ham ishtiyoq uyg‘otish maqsadida qilinganiga urg‘u qaratdi.

"O‘ylashimcha, prezident hammaning oldida meni chiqarib saylashi - yoshlar qo‘rqmasin. Agar bir yildan keyin men vazifani oqlasam, yana 10 bola chiqishi mumkin, balki undan ham ko‘proq", deya fikrlarini bildiradi u.

Press-klub rahbari va boshlovchisi Sherzod Qudratxo‘jayev undan 100 kunlik rejasi haqida so‘radi. U hali rejasi to‘liq tuzilmagani, bu Yoshlar ittifoqi bilan kelishib olinishini ma'lum qildi. Shu bilan birga u rejalashtirgan asosiy ishini aytdi - u ishini bog‘chadan boshlamoqchi.

"Ishimni bog‘chadan boshlayman. Yuz kun ichida qiladigan ishim - viloyatlarni aylanish, bog‘chalardagi holatlarni o‘rganish, sharoitlarni ko‘rish, yangi tizimlarni olib kirish. Dam olish kuni Toshkent shahridagi ikkita maktabda bo‘ldik. Bitta yaxshi va bitta yomon ko‘rsatkichli maktabni tanladim. Bundan maqsad farqlar qanchaligini aniqlab, muammolarning negizini bilish.

Joylarga borish kerak, yoshlar bilan gaplashish kerak, ularni ruhlantirish kerak. Har birimiz agar vatan haqida shunday o‘ylasak, muammolarni yechsa bo‘ladi", dedi Alisher Sa'dullayev.

U yuz kunlik faoliyati yuzasidan prezidentga hisobot beradi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid