Jahon | 22:16 / 10.07.2017
8549
2 daqiqa o‘qiladi

Pekinda 200 kunlik “Oydagi hayot” tajribasi boshlandi

Foto: REUTERS / Damir Sagolj

Xitoy poytaxti Pekin shahridagi maxsus laboratoriyada Oyda hayot kechirish bo‘yicha tajriba boshlandi. Unda 4 nafar ko‘ngilli talaba 200 kun mobaynida “Oy”da istiqomat qiladi. Bu haqda RIA Novosti CGTN telekanaliga asoslangan holda xabar qilmoqda.

"Yuegun" ("Oy saroyi") nomli laboratoriya Beyxan Xitoy davlat texnika universitetida joylashgan bo‘lib, 160 kvadrat metr maydonli to‘silgan xonaga o‘xshaydi. Bu Xitoyda ishlab chiqilgan birinchi shunday laboratoriya bo‘lib, jahondagi uchinchi bioregenerativ bazadir. 

Beyxan universiteti 365 kun dvomida Oydagiga o‘xshash sharoitlarda yashash loyihasini amalga oshirmoqda. 4 nafar ko‘ngilli 9 iyul kuni "Oy saroyi"da 60 kun yashashni yakunlashdi. 200 kunlik bosqich poyoniga yetgach, 105 kunlik so‘nggi bosqich boshlanadi. 

"Oy saroyi" ko‘ngillilar uchun 42 kv.m. maydonga ega moduldan va o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha 2ta moduldan iborat. Yashash maydonida 4ta alohida uxlash moduli, bitta umumiy xona, cho‘milish xonasi, hayvonlar uchun joy va chiqindilarni qayta ishlash binosi bor. 

Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, tajribalar xitoylik olimlarning insonlarni Oyga uzoq muddatli safarlarga tayyorlashda qo‘l keladi. 

Mavzuga oid