Jahon | 18:51 / 13.07.2017
5128
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya adliya vaziri: AQSh, YeI Turkiyaning ogohlantirishlarini e'tiborga olishi kerak

Foto: Kun.uz/ ©Sherzod Ikramutdinov

Turkiyada 2016 yil 15 iyul kuni amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga urinishning bir yilligi munosabati bilan keng qamrovli tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Shu munosabat bilan Turkiya Bosh vaziri devoni huzuridagi matbuot va axborot boshqarmasi ham media tur tashkil etdi. Unda mahalliy va xorijiy OAV vakillari bilan uchrashgan Turkiya adliya vaziri Bakir Bo‘zdog‘ning bayonot berishicha, Usoma bin Lodin AQSh va YeI uchun qanday xavfli ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘lsa, FETÖ yetakchisi Fathulloh Gulen Turkiya uchun shundaydir. Bu haqda tadbirda ishtirok etayotgan Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Adliya vaziri AQSh va YeIga murojaat qilar ekan, FETÖ tashkiloti bo‘yicha Turkiya ogohlantirishlarini e'tiborga olishga chaqirdi. 

Bakir Bo‘zdog‘ning ogohlantirishicha, Amerika YeI mamlakatlari FETÖ barcha mamlakatlarga xavf solayotgani borasidagi bayonotlariga jiddiy munosabatda bo‘lishi kerak. "20 yillar ichida ular Turkiya boshdan kechirgan sinovlardan ham jiddiylariga duch keladi, o‘shanda Turkiya hukumatiga quloq solmaganiga afsus qiladi", - dedi adliya vaziri.

FETÖ tarmog‘i Turkiya qurolli kuchlari, ichki ishlar va adliya tizimlari kabi mamlakat institutlariga kirish bo‘yicha uzoq davom etgan siyosat yuritgan. Tarmoq a'zolari boshqa davlatlardagi ta'lim tizimiga ham o‘z a'zolarini kiritgan. 

Adliya vaziri, shuningdek, ayrim OAVlarining davlat to‘ntarishiga urinish hukumat tomonidan "nazorat” qilingani haqidagi xabarlarni inkor etar ekan, bu ma'lumotlarni “puxta o‘ylangan kampaniyaning bir qismi", deb baholadi.

U barcha mamlakatlarni Turkiyaga nisbatan xolis va obektiv bo‘lishga chaqirdi. 

Bo‘zdog‘ Turkiyada qonunchilik o‘rniga urg‘u berar ekan, mamlakatda “isyonchilar uchun alohida, oddiy fuqarolar uchun boshqa qonun mavjud emas”ligini qayd etdi. 

Uning aytishicha, isyonchilar ustidan sud majlislari oshkora tashkil etilmoqda va istagan kishi mazkur ishlar bo‘yicha ma'lumotlar bilan tanisha oladi. 

Gulen va FETÖ tarmog‘ining boshqa a'zolarini ekstraditsiyasi borasida fikr bildirgan adliya vazirining so‘zlariga ko‘ra, AQSh va YeI mamlakatlari bu borada kerakli qadamlarni tashlay olmagan. 

Eslatib o‘tamiz, 2016 yil 16 iyulga o‘tar kechasi amalga oshirilgan harbiy davlat to‘ntarishiga urinish chog‘ida isyonchilarni hisobga olmaganda 250 kishi vafot etgan, 2 ming 193 kishi turli darajada jarohatlangan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid