Jahon | 12:03 / 22.07.2017
8830
3 daqiqa o‘qiladi

Polshada yirik ommaviy norozilik namoyishlari avj olmoqda

Foto: Reuters

Polshaning yirik shaharlarida ikki kundan beri sud islohotiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Mahalliy OAV ma'lumotlariga ko‘ra, ularda minglab insonlar qatnashayapti.

Poytaxt Varshavada norozilik aksiyasi mamlakat parlamenti va Oliy sudi binosi yonida o‘tkazilmoqda. Uning ishtirokchilari hukmron “Huquq va adolat” partiyasidan konstitutsiya va demokratik normalarga amal qilishni talab etmoqda.

"Biz asosiy qonun - konstitutsiya hurmat qilinishiga erishishimiz kerak, sababi biz - konstitutsiya. Aynan u bizga erkinlikni kafolatlaydi", - deya ma'lum qildi mamlakat Konstitutsiyaviy sudining sobiq rahbari Anjyey Jyeplinskiy namoyishlar vaqtida.

Aktsiyada muxolif partiyalar, demokratiyani qo‘riqlash qo‘mitasi vakillari ishtirok etmoqda. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, namoyish tinch o‘tmoqda. Polsha poytaxtidagi qator ko‘chalar yopib qo‘yilgan.

Norozilik namoyishlarida qancha kishi ishtirok etayotgani borasida rasmiy ma'lumotlar yo‘q, senat binosi yonida bir necha yuzlab inson bor. Senatorlar Oliy sudning kuni kecha Polsha seymi tomonidan qabul qilingan bahsli qonun loyihasini 12 soatdan ortiq vaqt davomida muhokama qilishgan.

Sud islohotiga qarshi xuddi shunday norozilik namoyishlari Polshaning boshqa shaharlari - Vrotslav, Poznan, Torun, Katovitsa, Lyublin, Belostok, Stargard, Elblong, Krakovda ham bo‘lib o‘tmoqda.

Polshada ommaviy norozilik namoyishlari payshanba kuni boshlandi, bu seym Oliy sud to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgach, ro‘y berdi. U muxolifatning jiddiy tanqidiga sabab bo‘ldi. Ma'lumotlarga ko‘ra, Varshavaning o‘zida 50 ming kishi aksiyada qatnashgan.

Ayni damda Polsha prezidenti Anjyey Duda ikki qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqda, ular mamlakatdagi sud organlari ishini o‘zgartiradi. Bundan tashqari, Polsha seymi ko‘p kunlik muhokamalar va muxolifatning tanqidi hamda ko‘p sonli aksiyalarga qaramay, mamlakat Oliy sudi ishini isloh etuvchi qonun loyihasini qabul qildi. 

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid