O‘zbekiston | 23:10 / 25.07.2017
22609
4 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston yozgi mavsumda O‘zbekistonga arzon elektr energiya yetkazib berishga tayyor

Foto: Asia-Plus

Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaning yagona elektr energiya tizimini tiklash ustida ishlar olib bormoqdalar. Bunga ko‘ra, O‘zbekiston energiya tizimi bilan Tojikiston elektr energiya liniyalarini birlashtirish imkoniyati to‘liq o‘rganib chiqildi.

"Davlatlarimizning energiya tizimlarini birlashtirish bo‘yicha muayyan ishlar o‘tkazib bo‘lindi", deb ma'lum qildi Tojikiston suv zaxiralari energetikasi vaziri Usmonali Usmonzoda Dushanbeda 25 iyulda o‘tgan matbuot-anjumanda. 

Uning aytishicha, Tojikistonda yozga mavsumda O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘istonga elektr energiya yetkazib berishga texnik imkoniyat mavjud. "Agar qo‘shnilarimiz yozgi vaqtda nisbatan arzon elektr energiya olishni istasalar, ular mavjud elektr uzatish liniyalari orqali bizning energiya tizimimizga ulanishlari mumkin. Biz uzoq yildan beri ishlamay yotgan bu liniyalar orqali energiya yetkazib berishni tiklay olamiz", deb aytgan Usmonzoda.

Usmonzodaning ta'kidlashicha, Tojikiston Regar podstansiyasidan O‘zbekiston hududidagi podstansiyasigacha ulanishga to‘liq tayyor.

"Barki tojik" kompaniyasi rahbari birinchi o‘rinbosari Maxmadumar Asozodaning aytishicha, Tojikiston va O‘zbekiston energiya tizimlarini tiklash bo‘yicha ishlar ikki davlat o‘rtasida munosabatlar yaxshilangandan keyin jonlanib ketdi. Uning aytishicha, ikki davlatni avvalgi yillarda 500 va 220 kilovoltlik yuqori voltli elektr uzatish liniyalari birlashtirgan.  

Uning aytishicha, oxirgi oylarda energoxoldingga O‘zbekiston tomondan elektr uzatish liniyalarini ikki tomonlama tekshirish bo‘yicha takliflar tushgan.

Asozodaning ta'kidlashicha, Regar podstansiyasidan 500 kV lik hamda mamlakat shimolidagi 4 ta 220 kV lik elektr uzatish liniyalari ulanishga tayyor. Asozodaning aytishicha, tegishli kelishuv imzolansa, "Barki tochik" O‘zbekistonga bu liniyalar orqali yozgi vaqtda elektr energiya yetkazib berishni boshlashga shay.

Tojikiston O‘zbekiston 2009 yilda yagona energetik halqani tark etgandan keyin mintaqadagi boshqa davlatlar tarmoqlaridan avtomatik ravishda uzilib qolgan. Tojikiston kuz-qish mavsumida elektr energiya yetishmasligi muammosiga duch kelgan. Biroq yangi quvvatlar foydalanishga kiritilgandan keyin Tojikiston hozirda o‘zini yil bo‘yi elektr energiya bilan ta'minlay olmoqda.

Bundan tashqari, respublika yozgi vaqtda elektr energiyani tashqariga chiqarish bo‘yicha katta salohiyatga ega. Biroq elektr energiyani o‘tkazish bozori yo‘qligi sababli gidroenergetik stansiyalar suvni salt tashlashga majbur bo‘lmoqda. Faqatgina kichik miqdordagi elektr energiya elektr uzatish liniyasining yetarlicha o‘tkazish qobiliyatiga ega emasligi sababli Afg‘onistonga eksport qilinmoqda.

O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Janubiy Qozog‘istonni o‘z ichiga oluvchi mintaqaviy energiya tizimini Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimi sifatida shakllantirish 1991 yilda yakunlangandi. U umumiy qiymati 25 ming MVt ni tashkil qiluvchi 83 ta elektrostansiyadan iborat bo‘lgan.  

Mavzuga oid