Jamiyat | 16:31 / 25.07.2017
20792
8 daqiqa o‘qiladi

«Jamiyatimizda hanuz o‘g‘il qizdan yaxshiroq, degan tushuncha bor»

Upgrade ayollar markazining «Ota va qiz» loyihasi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvga taklif qilingan tadbirkor Hikmat Abdurahmonov o‘z fikrini bo‘lishdi.

«Bolaligidanoq  qizlarga  buzilgan qadriyatlar singdiriladi, buzilgani shundaki, go‘yoki uning qo‘lidan keladigan yagona narsa – yo ro‘zg‘or ishlarini bajarish va bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish yohud bog‘chada tarbiyachi, maktabda o‘qituvchi, nari borsa shifokor bo‘lishdir», — degan u.

Book Cafe da oila, otalik, bola tarbiyasi, xususan qizlar tarbiyasi masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv «Ota va qiz» loyihasi doirasida Upgrade ayollar markazi tomonidan tashkillashtirildi.

Muvaffaqiyatli, ijtimoiy  faol biznesmen, ikki qizning otasi Hikmat Abdurahmonov oila va bola tarbiyasi borasida bir necha tezislarni ko‘rsatib o‘tdi.

Nikoh –shirinliklar, guldasta va romantikadan iborat emas
Nikoh – shirinlik, guldasta va romantikadan iborat emas. Aksincha, har tomonlama tayyorgarlik, javobgarlik va bu tushunchani to‘liq  anglashni talab etuvchi reallikdir. 18-20 yoshda juftliklar aksariyat holatlarda mustaqil hayot, oilaviy hayotning mas'uliyatini anglashga tayyor emaslar. Oqibatda  boqimandalikka  moyillik rivojlanib, yosh kelin-kuyov ota-onalikka tayyor bo‘lmasligi u yoqda tursin, o‘zlari hali bolalikdan chiqishga ulgurmagan bo‘ladi va bu omil ham ajrimlar ehtimolini oshiradi.

Ushbu muammo ayniqsa bizning mamlakatda dolzarb bo‘lib, uni ijtimoiy roliklar, kattalar va yoshlarning dunyoqarashini o‘zgartirish orqali ko‘tarishimiz kerak. Yoshlar yoshlik gashtini sursin, o‘qisin, ishlasin, sayohat qilsin, bir so‘z bilan aytganda ulg‘aysin va ideallari, qarashlari, moliyaviy mustaqilligi shakllanib bo‘lganidan keyingina o‘zlari buni anglagan holda nikoh qurish haqida hayotlaridagi muhim qaror sifatida o‘ylashlari zarur. Yosh nuqtai nazaridan bu 23-25 yoshga yaqin sodir bo‘ladi.

Jamiyatning og‘riqli nuqtasi – hisob-kitobli nikoh
Ko‘pincha kuyovning ota-onasi kelin qidirish bilan shug‘ullanadi, kuyov bo‘lmish esa bo‘lajak rafiqasini tanimasligi yoki u bilan to‘ygacha bir-ikki marta uchrashgan bo‘lishi mumkin. Ayting-chi, XXI asrda, taraqqiyot asrida bu qanchalik to‘g‘ri? Bunday yuzaki yondashuvda sizga aynan shu inson yoqishi va u bilan taqdiringizni bog‘lashingiz mumkinligini ishonch bilan aytishingiz ehtimoli qanchalik kuchli? Yoshlarga atrofidagilari orasida, universitet va kollejlarda yoki qiziqishlariga ko‘ra o‘z taqdirini izlashga nima halaqit beradi?

Er-xotin hayotini qurayotib, yoshlar o‘z qarorlari uchun butun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishlari lozim. Ota-onalar tashabbusni o‘z qo‘liga olar ekan, oldindan o‘z farzandida qaror unga tegishli emasligi va javobgarlik ham uning bosh og‘rig‘i emasligiga ishonchni shakllantirishadi. Bunda sharq an'analariga tan berib, yoshlar o‘z ota-onalari bilan maslahatlashishlari va «oq fotiha» olishlari mumkin. Mazkur an'ana yosh ota-onaning o‘z farzandlariga mehr berishiga  ta'sir qilib, ular bir-birlariga bo‘lgan muhabbatning haqiqiy mevasi bo‘ladi.

Turmush o‘rtoqlar bir-biriga hamkor va hamfikr bo‘lishlari zarur. Shuning uchun farzandlarimizga muloqot qilish, do‘st orttirish va o‘z muloqot doirasini kengaytirish imkoniyatini berishimiz kerak. Albatta bunda xulq-atvor, madaniyat, tarbiya me'yorlarini unutmaslik lozim.

An'ana va urf-odatlar
An'ana va urf-odatlar – yaxshi, lekin ularga ba'zan zamonaviy nazar yetishmaydi. An'ana va urf-odatlar hayotni og‘irlashtirmasdan, aksincha uni boyitib, zamonaviy haqiqat me'yorlariga muvofiq bo‘lganda yaxshidir.

Bundan tashqari, ota-onalar yoshlarni to‘ydan keyin ham boqishga moyil, oqibatda bolalar tayyor narsaga o‘rganib, o‘sishga, hayotda o‘z kuchi bilan biror narsaga erishishga rag‘batlantirilmaydi. Ota-onalar bolalarga muvaffaqiyatga erishish ko‘nikmalarini o‘rgatishlari, maslahat berishlari, ta'limga mablag‘ sarflashlari lozim, lekin balog‘atga yetganlaridan so‘ng bu yog‘iga endi har tomonlama mustaqil bo‘lishlari kerakligini uqtirishi kerak.

Qizlarga buzilgan qadriyatlar singdiriladi
Jamiyatimizda o‘g‘il qizdan yaxshiroq degan yanglish tushuncha haligacha  mavjud. Bunday munosabat, ayniqsa e'tibor va muhabbat zaxiralarning noto‘g‘ri taqsimini o‘zgartirish kerak.

Bolaligidanoq qizlarga yanglish qadriyatlar singdirilib, go‘yoki uning qo‘lidan keladigan yagona narsa – yo ro‘zg‘or ishlarini bajarish va bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish yo bog‘chada tarbiyachi, maktabda o‘qituvchi, nari borsa shifokor bo‘la olishi mumkinligini singdirishdir (bu kasblar ayollarga xos eng ko‘p tanlanadiganlari). Aslida esa ularga boshqa kasblarni tanlashga nima xalaqit qilyapti? Aminmanki, jamiyatimizning uyg‘unlikda rivojlanishi uchun qizlarimiz orzu qilishlari va maqsadlariga erishilari, o‘zlarida liderlik sifatlarini rivojlantirishlari, sportda muvaffaqiyatlarga erishishlari, jurnalistikadan tortib siyosatgacha istalgan kasb egasi bo‘lishlari va bularni rivojlangan mamlakatlarda  singari baxtli onalik va turmush bilan uyg‘unlikda olib borishlari lozim. O‘ylashimcha, bu er-xotinlik institutini va umuman jamiyatimizni yanada mustahkamlagan bo‘lardi.

Ota qizlariga tanlash huquqini beradi: xoh u kitob yoki boshqa qiziqishlar bo‘lsin. Ularga mustaqillik va erkinlikni singdiradi, ularning tarbiyasida e'tiborli va sabr-toqatli bo‘lib, ularga xato qilish va xatolar orqali saboq olishni o‘rgatadi. Bunda ota ularning do‘sti, ustozi hamdir. Bolada ruhiy o‘ziga ishonch hissi rivojlanishi biz, otalarga bog‘liq, buning uchun esa bolaga shartsiz muhabbat baxsh etish kerak.
 
Farzandlaringizni quchoqlashni unutmang – bu mehr-muhabbatingizni ulashishning eng yaxshi yo‘lidir.
 
Hikmat Abdurahmonov auditoriyaga tarbiya bo‘yicha maslahatlarini ham berib o‘tdi. Masalan, xizmat safarlaridan qaytar ekan, u qizlariga qo‘g‘irchoq yoki yumshoq o‘yinchoqlar emas, balki rivojlantiruvchi o‘yinchoqlar xarid qiladi. Har zamonda onalarisiz qizlar bilan «uchrashuvlar» uyushtiradi va ular bilan yanada yaqin bo‘ladi, ularni qiziqtirgan mavzularda gaplashadi. Bola unga savol berar ekan, shunchaki javob qaytarmaydi. Avval: «O‘zing nima deb o‘ylaysan?»-deb savolga tutadi. Shuningdek ota va qizlari birgalikda dars tayyorlaydi.

Hikmat Abdurahmonov E.Bernning «Odamlar o‘ynaydigan o‘yinlar» kitobi va «Qiz tarbiyasi» (Vospitaniye devochki) maqolasini o‘qish, hamda Andrey Zvyagintsevning «Muhabbat emas» filmini tomosha qilishni tavsiya qildi.

«Ota va qiz» loyihasining keyingi spikerlari sifatida biznes, sport, jurnalistika, ta'lim va siyosat sohalaridan muvaffaqiyatli erkaklar taklif qilinadi va o‘z fikrlari bilan bo‘lishadilar. 

Sadullayeva Gavhar

Mavzuga oid