Jamiyat | 12:06 / 26.07.2017
31398
8 daqiqa o‘qiladi

Qamchiq dovonimi yoki Kamchiq, Baliqchi asli Balxchimi?

Tarixi moziyning tiniq buloqlaridan suv ichgan xalqimiz biror joyni nomlashdan oldin, o‘sha hududni o‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqib ish ko‘rgani aniq.  

Ma'lum bir shahar yoki qishloqning nomlanishi, afsona va rivoyatlar shu xalqning bir necha ming yillik o‘tmishini aks ettirib, kishilik jamiyatining tarixini yaratishda asosiy manbalardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Yurtimiz bo‘ylab sayohatga chiqsangiz, yo‘lda uchragan shahar, tuman, qishloq, daryo va soylarning nomlanishiga ko‘zingiz tushib: “Aynan shunday nom berilishiga nima sabab bo‘lgan ekan?”, deb o‘yga tolishingiz tabiiy.   

Joylarning nomlanishi fanda – toponimika deb ataladi.  Xuddi shunday toponimlardan biri - «Mitan yoki Muytan» XIX asrning ikkinchi yarmidan to shu kunga qadar tilshunoslar, adabiyotchilar, tarixchi va geograflar o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelayotganidan xabarimiz bor. 

Farg‘onalik yoshi ulug‘, ko‘pni ko‘rgan otaxon bilan suhbatlashganimda u kishi: “Qachondan beri dovon nomi Qamchiq bo‘lib qoldi hayronman. Ota-bobolarimiz vodiydan chiqib ketuvchi tog‘li yo‘ldan o‘tish mashaqqat va xavfli ekanligi uchun kamroq chiqishni maslahat berib – “Kamchiq” deya atagan”, degan edi. Bu ma'lumot qay darajada to‘g‘ri ekanligi esa men uchun qorong‘i. Balki oddiy xalq aytishga qiyin bo‘lgan nomni o‘zlashtirib va o‘zgartirib soddaroq ko‘rinishga keltirgandir.

Andijonlik yosh tarixchi olim Iskandar Madg‘oziyev bilan Farg‘ona vodiysidagi joy nomlari bilan bog‘liq kitoblarni o‘rganib, juda ko‘p qiziqarli ma'lumotlarga ega bo‘ldik. Biz uchun topilma bo‘lgan moziy sirlari sizni ham qiziqtirsa kerak degan umid ila bilganlarimizni o‘rtoqlashmoqchimiz.

KAMChIQ (Kendir dovoni) – Farg‘ona vodiysini Toshkent bilan bog‘laydigan qadimiy dovon yo‘li. Chotqol tog‘ini kesib o‘tadi. “Boburnoma”da “Kendirlik” deb tilga olingan. Keyingi yillarda bu yo‘l tog‘dan oqib tushuvchi kichikkina “Qamchiqsoy” nomi bilan “Qamchiqdovon” deb atalib ketdi. Bunday deyish noto‘g‘ridir. “Kendir” nomining ma'nosi bizga hozircha noma'lum. Balki, o‘sha o‘tish xavfliligi uchun “Kamchiq” deya nomlanishi (muallif izohi) haqidagi faraz to‘g‘ri bo‘lsa kerak. 

KOSON  - Qadimiy “Kushon” nomining (eramizdan avvalgi III  va eramizning IV asrlari) o‘zgargan ko‘rinishi. Qadimgi Kushon imperiyasining “kushan” urug‘i (etnonim) nomidandir. Namangan viloyatidagi tuman va daryo nomlari “Kosonsoy”dir. Qashqadaryodagi Koson tumani nomi ham o‘shandandir.   

ASAKA – Andijonning yirik shaharlaridan biri. Asaka nomi haqida ko‘plab taxmin-mulohazalar bildirildi. Masalan, bir taxminga ko‘ra, Asaka “as” – ot, “assaka” – otliqlar ma'nosini beradi (arxeolog B. Matboboyev). Filologiya fanlari doktori Tolib Enazarov ham Asaka toponimi etimologiyasini ot so‘ziga bog‘laydi. Faylasuf A. Begmatov, fizik A. Teshaboyev ham bu nomni izohlab, maqola yozdilar, ular ham o‘z taxminlarini aytdilar. Akademik Yahyo G‘ulomov masalaga ilmiy yondoshishni maslahat berib, Turon pasttekisligidagi “Asaka ovdon” degan joyga ishora bergan. “Asaka” – chopar ma'nosini berishi to‘g‘ri bo‘lsa kerak. 

BALIQChI -  Aynan shu hududda yashagan kishi menga poyezdda hamroh bo‘lib, “Baliqchi” (Andijon viloyatidagi tuman) nomida umuman baliqqa nisbatan ishora yo‘qligini, balki “balx” – shahar, “balxchi”- shaharsoz usta nomiga uyqash ekanligini aytgandi (muallif izohi).

Olimlarimiz fikricha ham “Baliqchi” – shahar, qal'a qo‘riqchisi ma'nosida keladi. Yana bir ma'nosi o‘zbek urug‘laridan birining nomidir (X. Doniyorov, “O‘zbek xalqining shajara va shevalari” 1968 yil). Boshqa turkiy xalqlardan turkmanlarning Ersari qabilasida  “balyqchy”, boshqirdlarda “balyksy” urug‘i uchraydi. Ammo hozir ma'lum bo‘lgan 92 o‘zbek urug‘i nomida “baliqchi” urug‘i yo‘q.     

ULUG‘NOR – Andijon viloyatiga qarashli tuman nomi, aslida Qo‘qon xoni tomonidan qazilgan – Ulug‘nahr (ulug‘ daryo) kanali nomidir.

Xudoyorxon XIX asrning 70-yillarida o‘z davlatining iqtisodiy va siyosiy hayotida nisbatan xotirjamlikka erishgach, yangi yerlar o‘zlashtirish niyatida sug‘orish inshootlari qurishga kirishgan. Shu munosabat bilan Qoradaryodan boshlanib, Markaziy Farg‘ona yerlarini oralab o‘tadigan “Ulug‘nahr” (ulug‘ daryo) deb atalmish kanal rejalashtirib, 1868 yildan ish boshlagan. Biroq kanal nishabining tarhi olinganda (nivelirovka qilishda) cho‘l yerlarining sho‘rxok va qumli xususiyati hisobga olinmasdan kanalga suv quyilganida hozirgi Bo‘z tumanidan oqadigan Sarijo‘gadan o‘tmasdanoq katta oqim bilan kanal yo‘li “zambillanib” atrofga urib ketaveradi. 1871 yil ish vaqtincha to‘xtatilib, yangidan tarx olish mo‘ljallangan.   

OLTINKO‘L – shu nomli tuman markazi. Shu kungacha Oltinko‘l deb ta'riflab kelinadi. Ammo ushbu joyning sharoiti shunday ediki, qadimda Andijonning asosiy o‘zlashtirilmagan yerlari g‘arb tomoni edi, asosan, tashlama suvlar, chakalakzorlardan iborat bo‘lib, yanada g‘arbga kelganda esa tabiiy ko‘llar ko‘p bo‘lgan edi. Shayboniyxon davridan (XVI asr) ko‘chmanchi o‘zbeklar kelib o‘rnashib, Andijonning g‘arb tomonlari sekin-asta o‘zlashtirildi, ko‘p qishloqlar qatori “Olti ko‘l” qishlog‘i paydo bo‘ldi. 

Zamonlar o‘tishi bilan yerning unumdorligiga ishora qilib yoki tilning fonetik tabiatiga ko‘ra talaffuzda “Oltinko‘l” bo‘lib ketdi.    

Yurtimizda yuqorida keltirilgani singari joy nomlari to‘g‘risida juda ko‘p qiziqarli ma'lumotlarni berishimiz mumkin edi. Biroq internet o‘quvchilari uzundan uzoq maqolalarga katta e'tibor bermasligini hisobga olgan holda materialni qisqa qildik. Barcha ma'lumotlar (muallif izohidan tashqari) manbalari professorlar S. Jalilov, S. Qorayev va A. Soliyev kitoblaridan olingan.  


Elmurod Ermatov 
Kun.uz  sayti uchun maxsus.

Mavzuga oid