Sport | 23:00 / 03.08.2017
23016
11 daqiqa o‘qiladi

Neymardan keyingi hayot. «Barselona»da uning o‘rnini kim egallaydi?

Neymar «PSJ»ga rekord darajadagi mablag‘ evaziga o‘tishi aniq bo‘ldi. U o‘z transfer huquqini 222 mln yevro evaziga (feyr-pley qoidalari buzilmasligi uchun shunday yo‘l tutildi) sotib oldi va erkin agentga aylandi. Endi u Parij klubi safiga borib qo‘shilishi mumkin. 

«Barselona» kiyim almashtirish xonasida 11 raqamli futbolka endi vakant. Iyul oyi davomida Neymarning ketishi haqidagi xabarlar bilan bir qatorda, uning o‘rniga kim kelishi mavzusi ham muhokama qilindi. Kataloniyaliklar endi har tomondan unga o‘rinbosar izlamoqda.

Filippe Koutino, «Liverpul»
Transfer narxi: 45 mln yevro (Transfermarkt.de ma'lumoti) 
«Barselona» uchun eng yaxshi variant. Koutino ko‘k-anorranglilar uchun ideal darajadagi futbolchiligi haqida bir necha yildan buyon gapirishmoqda. Ammo aynan hozir «Liverpul»ning asosiy yulduzi Kataloniya poytaxtiga kelishi va asosiy tarkibdan o‘rin egallashi mumkin. «Barselona» prezidenti Xosep Bartomeu klub ushbu transfer borasida muzokaralar boshlangani haqida ochiq aytmoqda. Neymarning tengdoshi bo‘lgan bu futbolchi «Barselona»ning lotin amerikaliklardan iborat uchligini to‘ldirishi, MSN o‘rniga MSK paydo bo‘lishi mumkin.

Ammo «Liverpul» o‘z futbolchisini osonlikcha qo‘yib yubormaydi. Shu vaqtgacha, 80, 100 va 120 mln yevrolik takliflar rad qilindi, mersisaydliklar unga 150 mln yevrolik narx belgilab qo‘ygan, jamoa bosh murabbiyi Yurgen Klopp esa o‘z shogirdini hech qanday shart bilan ham bermasligini aytib, «Barselona»ga ko‘p chiranmaslikni tavsiya qilgan. Shuningdek – Koutino Ispaniyaga kelsa, Neymar kabi vinger vazifasini bajarishi kerak bo‘ladi. Holbuki u «Enfild»da maydon markazida harakat qilmoqda. Yana bir jihati, Koutino «Barselona»ga Neymar borligida kelishi haqiqatga yaqin edi. 

Lekin futbolchi «Barselona» bilan og‘zaki kelishuvga erishgani haqida xabarlar mavjud. Endi butun dunyo voqealar jarayonini kuzatadi.
Ha: Texnika, tezlik, braziliyalikligi, keyingi yillarda ko‘rsatayotgan barqaror o‘yini - Koutino Kataloniyaga o‘tishiga yetarli sabablar.
Yo‘q: Yurgen Klopp uni hech qayerga qo‘yib yubormoqchi emas. Do‘sti Neymarning ketgani ham Koutinoning qaroriga ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Kilian Mbappe, «Monako»
Transfer qiymati: 35 mln yevro (Transfermarkt.de ma'lumoti)
Mbappe yilning eng talabgir futbolchisi. Unga da'vogar jamoalar qatoriga endi «Barselona» ham qo‘shilgan. «Monako»ning «Oltin bola»si qoyilmaqom mavsum o‘tkazdi va hozirda transfer bozoridagi asosiy obektga aylandi. Monegaskliklar uning uchun juda katta pul so‘rashadi. «Barselona» ikkinchi Terri Anri deyilayotgan ushbu vunderkind uchun qancha pul sarflasa arziydi. «Monako» kutilganidek qator yetakchilarini sotdi, Bernardu Silva va Mendi lojuvard qirg‘oqlarni Manchesterga almashtirdi, Bakoyoko Londonga yo‘l oldi. Navbatda 18 yoshli Kilian.

Fransiyaning amaldagi chempionlari Mbappeni sotib olishni istagan jamoa 180 million yevroga ega bo‘lishi kerakligini ma'lum qilgan. «Barselona»da Neymar transferi orqali bundan ham ko‘p pul bo‘ladi.  Qolaversa, shu vaqtgacha Mbappe uchun asosiy da'vogar bo‘lib kelayotgan «Real»ning burni ostidan uni ilib ketish jamoaning muhim yutug‘iga aylanishi mumkin. «Barselona»ning yangi murabbiyi Ernesto Valverde esa yoshlar bilan ishlashda katta tajribaga ega, u jamoada MSM hujum uchligini tuza oladi.

Ha: Fransiyalik iqtidorning saviyasi Neymardan ayrilgan kataloniyaliklar hujumida uning o‘rnini bilintirmaydi. Marketing nuqtai nazaridan ham bu ideal trensfer bo‘lishi mumkin - Mbappening nomi ayni vaqtda juda mashhur, uning transferi orqali jamoa reklamalardan katta mablag‘ topa oladi.
Yo‘q: Mbappe bolaligida «Real» muxlisi bo‘lgan, u Krishtianu Ronaldu bilan birga tushgan suratini ardoqlab o‘sgan. Qolaversa, futbolchi Fransiyada yana bir mavsum qolishni istaydi.

Antuan Grizmann, «Atletiko»
Transfer qiymati: 80 mln yevro (Transfermarkt.de ma'lumoti)
Hech kim Grizmann butun faoliyatini «Atletiko»da o‘tkazishiga ishonmasa kerak? Antuan Yevropaning eng yaxshi futbolchisi sifatidan tan olinishi uchun oldinga yana bir qadam tashlashi va Simeone qanotlari ostidan chiqishi lozim. Uning o‘zi ham buni tushunib turibdi. Universalizm va Grizmanning aql bilan o‘ynashi, istalgan pozitsiyada harakatlana olishi «Barselona» uchun yangi havo kabi bo‘lishi mumkin. U kelsa, hujumdagi rang-baranglik yanada ortadi. Antuan bilan shartnoma imzolagan klub mavsumda undan kamida 20ta gol kuta oladi.

Grizmann bu yil yozda Madriddan ketmoqchi edi, ammo jamoaga FIFA tomonidan transferlar bo‘yicha qo‘llangan taqiq uning safarini kechiktirdi - fransiyalik futbolchi sadoqat namunasini ko‘rsatdi. Lekin u «Barselona» tufayli xiyonat ham qilishi mumkin. Bu jamoa unga ko‘p sovrinlar, xususan, Yevropa chempionlar ligasi g‘olibligini va'da qila oladi. 

Hozirda Antuanning shartnomasida 100 million yevro badal puli sifatida ko‘rsatilgan. Bu bugungi kun standartlarida odatiy narxga aylandi. U Neymardan bir yoshga katta, ammo uning o‘yini o‘yinqaroq braziliyalik futbolchinikiga nisbatan barqaror, u sovuqqonlik bilan harakat qilib, ko‘proq gol uradi. Grizmann hujumning barcha nuqtalarida o‘ynay oladi, u qanotlarda ham, hujumning oldingi nuqtasida ham, hujum ortida ham birdek samara keltiradi. U Valverde uchun haqiqiy xazina bo‘lishi mumkin. Agar u transfer qilinsa, «Barselona» bir o‘q bilan ikki quyonni urgan bo‘ladi - hujum chizig‘ida yuqori saviyali futbolchiga ega chiqadi hamda Ispaniya chempionatidagi ikkinchi raqibini kurashdan chiqaradi, «Atletiko» ancha vaqtgacha Grizmann o‘rnini to‘ldira olmasligi tayin.

Ha: Ispaniya chempionati to‘purari «Barselona» uchun eng mos variant.
Yo‘q: Mas'uliyatli va hurmatli bir futbolchi sifatida u jamoasiga yana sodiq qolishi mumkin. Uning ustozi Simeone ham ketishga ikki marta chog‘lanib, qolishga qaror qilgandi.

Usmon Dembele, «Borussiya D»
Transfer qiymati: 33 mln yevro (Transfermarkt.de ma'lumoti)
U Mbappe kabi zo‘r variant emas, ammo istiqbolda katta narsa kutsa bo‘ladi. Ham ancha arzon. Usmon Dembele – Fransiya futbolining yangi avlodi yulduzlaridan, u ham keyingi jahon chempionatida porlashi kutilmoqda. Dembele o‘yin uslubi bilan Neymarni eslatadi – u ham tempni o‘zgartirib raqiblarni alday oladi, ikki oyog‘ida ham birdek harakatlana oladi, yakuniy zarbani bera oladi. Albatta Neymar kabi barqarorlikka erishish uchun hali vaqt bor, u hali vaziyatlarni golga aylantirish ustida ishlashi kerak, ammo ikki yil ichida Usmon Neymarga tenglashib, «Oltin to‘p» uchun unga raqobatchilik qila oladi.

Paulo Dibala, «Yuventus»
Transfer qiymati: 65 mln yevro (Transfermarkt.de ma'lumoti)
Bir necha yil muqaddam Dibala «Barselona»ga o‘tish uchun O‘rta Yer dengizini suzib o‘tishga tayyorligini ma'lum qilgandi. Hozir Paulo o‘z bayonotlarida ehtiyotkor, ammo uning «Barsa»ga muhabbati hech kimga sir emas. Axir argentinalik o‘smirlar Leo Messi bilan bir jamoada o‘ynashni orzu qilib katta bo‘lmaydimi? «Barselona» uchun Dibala ham ideal variant bo‘lishi mumkin – u paslarni aniq uzatadi, o‘zi vaziyatlar yaratadi va o‘zi hujumlarni a'lo darajada yakunlaydi. Qolaversa, «Yuventus»ning keyingi yillardagi siyosati shuni ko‘rsatmoqdaki, mo‘may pul evaziga o‘z yetakchilari bilan xayrlashaveradi. Bir tomondan Chempionlar ligasi finallari katta o‘yinlarda Paulo yo‘qolib qolishini ham ko‘rsatdi.

Eden Azar, «Chelsi»
Transfer qiymati: 75 mln yevro (Transfermarkt.de ma'lumoti)
Eden Azar – zamonaviy futboldagi eng yaxshi driblyorlardan biri, Angliya chempioni bo‘lgan jamoa yetakchisi, umuman olganda,«Barselona» uchun mos futbolchi. U «Chelsi»dan Ispaniyaga kosmik narx evaziga kelib, ishonchni oqlay oladi.

Anxel Di Mariya, «PSJ»
Transfer qiymati: 40 mln yevro (Transfermarkt.de ma'lumoti)
Ha, shunday gaplar bor. Bir necha yil muqaddam Viktor Valdesni emaklatib, «Kamp Nou»ni jim qilgan bu futbolchi endi ko‘k-anorranglilar futbolkasini kiyishi ham mumkin. Ispaniyadagi va Fransiyadagi nashrlarning yozishicha, «Barselona» «PSJ» bilan ushbu argentinalik futbolchi transferi borasida muzokara o‘tkazmoqda. Di Mariyaning nomzodi Messining tashabbusi, bu inson esa keyingi yillarda «Barselona» transfer siyosatida ko‘p narsani hal qilmoqda. Anxel – katalonlar uchun yomon variant emas. Ammo uning yoshi 30da (u Messi va Suaresga tengdosh), o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yuvchi klub esa yoshroq hujumchilarni transfer qilishi ma'qul.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid