Jamiyat | 17:12 / 04.08.2017
12827
4 daqiqa o‘qiladi

Ochiq gap: “Ma'naviyatga zarar yetkazganlarni ayamaymiz”

Illyustrativ foto

2017 yilning 3 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari ommaviy axborot vositalari mavzusiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Bugungi kunda ularda yoritilayotgan axborotlarning xolis va haqqoniy bo‘lishi lozimligiga alohida to‘xtab o‘tildi. "Bugungi kunda ziyolilar davrasida yengil-yelpi kitoblar, sayoz, oldi-qochdi gazeta-jurnallar, tele-radio stansiyalar ko‘payib borayotgani to‘g‘risida haqli e'tirozlarni eshitish mumkin”, - degan davlat rahbari.

O‘tkazilgan mazkur videoselektor yuzasidan Matbuot va axborot agentligi rahbari Laziz Tangriyev o‘z munosabatini bildirar ekan, jumladan, shunday dedi: "Bir paytlar yosh yozuvchi yoki shoir asar yozsa, uni e'lon qilishdan oldin o‘ylanib qolarkan: “Bu yozganimni o‘qib, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Oybeklar nima derkin. Ustozlardan baloga qolsamchi”, degan andishaga borarkan. Hozirgi maza-matrasiz maqolalar, she'ru hikoyalarni ko‘rib, xashaki yozuvchilarda uyat, insof yo‘qmikan, deb qolasan.

Turli xususiy gazeta-jurnallar, nashriyotlar ijod mahsullarining saviyasi pastligi, badiiy sayozligi odamni xavotirga soladi. Bunga sabab sog‘lom, xolisona tanqidning, do‘stona achchiq gapning, ustozlar nasihatining yetishmayotganidir.

Bu haqda Prezidentimiz 3 avgust kuni ziyolilar bilan bo‘lgan uchrashuvda ham kuyunib gapirdilar. Bu sohaning tijoratlashuviga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, dedilar".

"Nega biz do‘kondan sifatsiz, muddati o‘tgan mahsulot olsak, sotuvchi bilan yoqa bo‘g‘ishamizu ma'naviyatimizga zarba berayotgan, savodsizlikni urchitayotgan, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan xususiy ommaviy axborot vositalari va nashriyotlarga miq etmaymiz", deb yozadi Laziz Tangriyev.

Uning ma'lum qilishicha, bundan keyin O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bunday “ishbilarmonlar”ga qarshi ayovsiz kurash olib boradi. Endi ularga “qonunni buzmang”, degan yumshoq va sip-silliq taqdimnomalar yuborib, ogohlantirilmaydi, aksincha, qilyotgan noma'qulliklarini ko‘rsatib, xalq, jamoatchilik oldida izza qilinadi.

"Yurtboshimiz aytganlaridek, bu baloga qarshi jamoatchilikni uyg‘otmasak, bir jaholatga o‘n ma'rifat bilan javob bermasak, u kun sayin madda boylab boraveradi.

Shu kundan boshlab O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi soha qonunlarini mensimaydigan, milliy qadriyatlarimizni oyoq osti qiladigan, pul topaman deb jurnalistika sha'niga dog‘ tushiradigan qo‘shtirnoq ichidagi “hamkasblarimiz”ga qarshi murosasiz kurash olib boradi.

Ayrimlar bor. Jurnalistikadan mutlaqo yiroq. Hatto kasbining tayini ham yo‘q. Tijoratda o‘zini u toshga uradi, bu toshga uradi-da, omadi chopmasa shunday deydi: “Hamma ishni qilib ko‘rdim, endi bir gazeta yoki nashriyot ochib ko‘ray”. Axir erkinlik niqobi ostida mo‘'tabar ijod bo‘stonini payhon qilishga, muqaddas qalam obro‘sini yerga urishga unga kim huquq berdi.

Ma'naviyatimizning do‘sti kimu dushmani kim xalqimiz ochiq bilsin", deydi Laziz Tangriyev.

Eslatib o‘tamiz: 2017 yilning 28 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Matbuot va axborot agentligiga Laziz Tangriyev bosh direktor etib tayinlangan edi

 

Mavzuga oid