Dubay hukumati qator yong‘inlar ro‘y bergani sababli tez yonuvchi alyuminiy qoplamalar bilan o‘ralgan osmono‘par binolarni yong‘inga qarshi to‘siqlar bilan ajratishni rejalashtirmoqda. The National nashri shu haqda yozmoqda.
Bu chora binoda yong‘in yuz bergan taqdirda alanga tarqalishini sekinlashtiradi. Mazkur rejani o‘t o‘chirish xizmati xavfsizlik bo‘yicha ekspertlar bilan hamkorlikda o‘rganib chiqmoqda.
4 avgust kuni Dubaydagi eng baland turarjoy binosi The Torch yong‘in domida qolgan edi. Bunda 87 qavatli binoning 64 qavati bir zumda olov qurshovida qoldi. Bu minora 2015 yilda ham yongan edi. Alanga alyukobond bilan qoplangan bino fasadi uzra katta sur'atda tarqalgan. 6 avgustda Dubai Marina tumanida boshqa bir turarjoy minorasi — Tiger Tower yong‘in ichida qoldi. Ikki holatda ham binolarda yashaydiganlarni ko‘chirish juda tez amalga oshirildi. Hech kim jabrlanmadi.
Dubayda dunyodagi eng baland binolardan birida yong‘in yuz berdi
Rejadan maqsad shundan iboratki, binoning har 10-20 metrlik oralig‘ida yong‘inga chidamli materiallardan o‘ziga xos to‘siq o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari bino balkonlarida avtomatik o‘t o‘chirish tizimlari ham o‘rnatiladi. Chunki aksar yong‘inlar aynan balkonlarda kelib chiqayotgani aniqlanmoqda. Xususan, 2012 yili Tamweel Tower turarjoy ko‘pqavatli binosida yong‘in chiqishiga o‘chirilmagan sigareta qoldig‘i sabab bo‘lgan.
Aytish joizki, 2012 yildan beri Dubay osmono‘par binolarida yong‘ilar tez-tez sodir bo‘lmoqda. 2015 yili Yangi yil arafasida amirlik shahardagi Address Downtown mehmonxonasi yonib ketdi. Bu vaqtda uning atrofida minglab odamlar bayram mushakbozligini tomosha qilish uchun to‘planishgan edi.