O‘zbekiston | 18:45 / 11.08.2017
8501
2 daqiqa o‘qiladi

«Jizzax» EIZ Sirdaryo filialida 7 ta yangi loyiha amalga oshiriladi

Prezidentning 10.08.2017 yildagi F-5146-son farmoyishi bilan 2017-2019 yillarda «Jizzax» EIZ Sirdaryo filiali hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari ro‘yxati belgilandi. Hujjat davlat rahbari saytida joylashtirilgan, deb xabar bermoqda Norma.uz.

Eslatib o‘tamiz, «Jizzax» EIZ Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi filiali bilan Prezidentning 18.03.2017 yildagi PF-4516-son farmoni bilan tashkil etilgan.

Belgilangan davrda xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda jami 7 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilayotir. Smesitellar uchun ruxli bandlar, eshik qulf va oshiq-moshiqlari, latun va misli fitinglar, ruxli smesitellar, tayyor charm tovarlar, charm-attorlik buyumlari va charm poyabzal ishlab chiqarish tashkil etiladi.

Ishlab chiqariladigan mahsulotlarning eksport ulushi 30%dan 50%gachani tashkil etadi. Loyihalarni amalga oshirish 630  yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi. Loyihalarning umumiy qiymati 40 mln AQSh dollarini tashkil etadi.  

Bundan tashqari, «Jizzax» EIZ Sirdaryo filialida qurilayotgan “Osiyo bog‘i”ning nomi  “O‘zbekiston-Xitoy do‘stlik bog‘iga” o‘zgartirildi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan, bog‘ni barpo etish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, mashinalar, materiallar, butlovchi buyumlar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno).

Shuningdek, hujjat bilan Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, shuningdek «Jizzax» EIZ Sirdaryo filiali faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid