Jamiyat | 12:22 / 13.08.2017
6291
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda biznes ombudsman mavzusi muhokama qilindi

Camarqandda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida»gi Qonun loyihasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Kun.uzga Yoshlar ittifoqining viloyat Kengashi matbuot xizmati.

Davra suhbatida adliya, prokuratura, savdo-sanoat palatasi, advokatlar palatasi, boshqa tegishli tashkilotlar va tadbirkorlar vakillari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan so‘ng xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi davlat himoyasiga olindi, yurtimizda o‘rta mulkdorlar sinfi shakllandi. Sohada olib borilgan islohotlar samarasi o‘laroq, mamlakatda birgina kichik tadbirkorlik sub'yektlari soni 210 mingdan oshgani qayd etildi.

Yangi qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil faoliyatini tartibga solish maqsadida ishlab chiqilganligi ta'kidlandi.

Jumladan, qonun loyihasining 3-moddasiga ko‘ra Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini, mazkur huquqlar va qonuniy manfaatlarga davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari, shuningdek boshqa tashkilotlar tomonidan rioya etilishini ta'minlovchi mansabdor shaxs ekanligi bildirib o‘tildi.

Loyihada nazarda tutilgan normalarning hayotga tadbiq qilinishi, tadbirkorlik sub'yektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimiing yangi ta'sirchan mexanizmlarini joriy etish hamda mamlakatimizda yanada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga xizmat qilishi tushuntirildi.

Davra suhbatida ishtirok etgan tashkilot va idoralar vakillari tomonidan qonun loyihasiga bir qator takliflar berildi. Xususan, viloyat adliya boshqarmasi vakili tomonidan qonun loyihasining ayrim moddalariga o‘zgarishlar kiritish taklifi berildi. Qonun oddiy va sodda hamma tushunadigan tilda bo‘lishi xususida aniq takliflar berildi. Shuningdek, viloyat prokuraturasi vakili tomonidan biznes ombudsmanning viloyatdagi vakilini mutaxassisligi yuzasidan takliflar berildi.

Tadbir davomida yangragan barcha takliflar umumlashtirilib Oliy Majlis qonunchilik palatasiga taqdim etiladi.

O‘z muxbirimiz.

Mavzuga oid