Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp KXDRga qarshi harbiy choralar qo‘llashga tayyorligini bildirdi
Foto: AP
Vashington KXDRning yadroviy tahdidini bartaraf qilish uchun diplomatik va iqtisodiy choralar bilan bir qatorda kuch ishlatishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqida AQSh prezidenti Donald Tramp fransuz hamkasbi Emmanuel Makron bilan kechgan telefon muloqotida ma'lum qildi. Oq uy matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, tomonlar Koreya yarim orolidagi vaziyatni muhokama qilishgan, jumladan, u yerdagi beqarorlik xavfi oshganini ta'kidlab, ittifoqdoshlar bilan hamkorlikda BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan Pxenyanga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar rejimiga rioya qilishga kelishib olishdi.
11 avgust kuni Tramp KXDR yetakchisini AQShning Guamdagi harbiy bazasiga zarba berish yoki har qanday boshqa agressiyadan ogohlantirdi. "Agar Kim Chen In bizga yana bir bor tahdid qilsa yoki AQSh hududiga nisbatan biror ish boshlasa, juda tez orada bundan afsuslanadi", - dedi u. Shuningdek Oq uy rahbari KXDRdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga umid bildirdi.
BMT Xavfsizlik Kengashi 5 avgust kuni Pxenyanga nisbatan jiddiy sanksiyalar qo‘llashga doir rezolyutsiyani qabul qildi. Shimoliy Koreyaga ko‘mir, temir, qo‘rg‘oshin va dengiz mahsulotlari eksporti taqiqlandi. KXDRning Tashqi savdo bankidagi hisoblari muzlatildi, Shimoliy Koreyaning BMT rezolyutsiyasini buzgan dengiz kemalariga barcha davlatlar portiga kirish taqiqlandi.
KXDRda mamlakatning 3,5 million aholisi Qo‘shma Shtatlarga qarshi kurashish uchun armiya safiga kirish istagini bildirgani ma'lum qilingan.
Mavzuga oid
12:45
Kim Chen In yana KXDRda eng oliy lavozimga saylandi
09:37 / 19.03.2026
Rossiya KXDRdan 14,4 mlrd dollarlik harbiy yordam oldi
13:42 / 10.03.2026
Eronga AQSh maxsus kuchlari yuborilishi haqidagi xabarlar inkor etildi
16:31 / 25.02.2026