Jahon | 23:46 / 16.08.2017
9981
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning sobiq prezidentlari Sharlottsvill voqealariga munosabat bildirishdi

Foto: AFP

AQShning sobiq prezidentlari to‘ng‘ich va kenja Jorj Bushlar chorshanba kuni irqiy fanatizm va antisemetizmni qoralovchi bayonot bilan chiqishdi. Bu haqida Daily Sabah xabar berdi. 

Tramp o‘tgan dam olish kunlari Sharlottsvill (Virjiniya shtati)da bo‘lib o‘tgan namoyishlarda ikki tomon namoyishchilari teng darajada aybdor ekanini aytganidan keyin qizg‘in siyosiy bahslar avj olgandi.  

"Amerika irqiy fanatizm, antisemitizm va nafratning barcha ko‘rinishlarini doim inkor etishi kerak", - deya fikr bildirishdi ota-bola Bushlar. 

Bayonotda Trampning ismi tilga olinmagan. 

Gap shundaki, 12 avgustda Sharlottsvillda neonatsistlar mahalliy hukumatdan konfederatlar generali  Robert Edvard Liga qo‘yilgan haykalni buzib tashlash g‘oyasidan voz kechishni so‘rab, tartibsiz miting o‘tkazishgan. Shundan keyin ular va ularga qarshi chiquvchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan. To‘qnashuvlarda 15 kishi jabrlangan.

Keyinroq millatchilarning aksiyasiga qarshi chiqayotganlar namoyishida olomonga katta tezlikda avtomobil kelib urilgan. Buning oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, 19 kishi jarohat olgan. Shu kunning o‘zida namoyishlarni monitoring qilayotgan politsiya vertolyoti qulagan, uning ichidagi 2 kishi halok bo‘lgan.

Mavzuga oid