Jahon | 17:40 / 21.08.2017
11744
2 daqiqa o‘qiladi

Londondagi Big Ben soati bong urmadi

Londondagi Big-Ben minorasining dunyoga mashhur soatlari dushanba kuni bong urmadi. BBC shu haqida xabar berdi

Soatni ta'mirlash rejalari haqida o‘tgan yili ma'lum qilingan edi. O‘shanda soatni bir necha oyga to‘xtatish rejalashtirilgandi. O‘tgan hafta esa Jamoatchilik palatasi tanaffus to‘rt yil, ya'ni 2021 yilgacha davom etishini ma'lum qildi.

Britaniyaning qator siyosatchilari bu g‘oyaga qarshi chiqqan. Xususan, Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey bunday uzoq tanaffusni tanqid qildi va "Big-Benni to‘rt yil sukut saqlashga majbur qilish noto‘g‘ri" ekanini ta'kidladi. Shundan so‘ng Britaniya parlamenti Yelizaveta minorasini qayta ta'mirlash rejasini ko‘rib chiqishini ma'lum qildi. 

Soatlarning to‘xtashiga doir qaror xavfsizlik nuqtai nazaridan e'lon qilingan. 

Hozircha Britaniya hukumati qiymati 5,7 milliard funtni tashkil qilishi mumkin bo‘lgan loyihani muvofiqlashtirmagan. Yuqori narx barcha muhandislik tizimlarining to‘liq almashtirilishi zarurligi bilan izohlanmoqda, ular 1950-yillardan buyon yangilanmagan. 

An'anaga ko‘ra, so‘nggi 157 yil davomida Big Ben har 15 daqiqada jarang sochadi. Bu an'ana oxirgi marta 2013 yilda mamlakatning sobiq bosh vaziri Margaret Tetcherning dafn marosimi sabab buzilgandi. Shuningdek Big Ben 1965 yilda, Uinston Cherchillning o‘limi munosabati bilan hamda Birinchi jahon urushi yillarida ham bir necha marta to‘xtatilgan. 

Oxirgi marta mexanizmning profilaktika ishlari 2007 yilda o‘tkazilgan. 

Ta'kidlash joizki, minora soatlari 1859 yilning 31 mayida ishga tushirilgan. Soat mexanizmining umumiy og‘irligi 5 tonnani tashkil qiladi, siferblat diametri - 7 metr. Big Ben Londonning asosiy ramzlaridan biri hisoblanadi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid