Jahon | 08:54 / 30.08.2017
8296
2 daqiqa o‘qiladi

Texasda to‘g‘ondan suv tosha boshlagani sababli evakuatsiya e'lon qilindi

Foto: Fox News

Texas shtatining Brazoria okrugida “Harvi” dovuli sababli kuchli toshqin davom etmoqda. Bu yerdagi Addiks to‘g‘onidan suv tosha boshladi. Bu haqda Washington Post nashri xabar bermoqda.

Avvalroq muhandislar Addiks to‘g‘oni atrofidagi hududlar suv ostida qolishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida to‘g‘ondagi suvni chiqara boshlashgandi.

Biroq 29 avgustda to‘g‘ondagi suv sathi u ushlab tura oladigan maksimal darajadan ko‘tarilgan.

Toshqin yuz berishi mumkinligi sababli aholiga zudlik bilan xavfsiz hududga ketish yoki balandroqda boshpana topish buyurilgan.

Texasdagi misli ko‘rilmagan miqdordagi yog‘ingarchilik minglab odamlarni Xyuston shahri va uning atrofida suv ostida qolgan uylarini tark etishga majbur qildi. Qutqaruvchilar mustaqil keta olmayotgan odamlarni evakuatsiya qilishni boshlashgan.

Shuningdek, Xyustonda marodyorlik holatlari ko‘payotgani sababli komendantlik soati kiritilgan. Komendantlik soati kechki soat 22dan ertalabki soat 5gacha amal qiladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid