Jamiyat | 14:49 / 31.08.2017
4878
4 daqiqa o‘qiladi

Butunjahon banki loyihasiga ko‘ra Sirdaryo aholisi ichimlik suvi bilan ta'minlanadi

So‘ngi o‘n yil davomida O‘zbekiston hukumati suv ta'minoti va sanitariya sohasiga katta mablag‘lar investitsiya qildi. Bu sohadagi loyihalarga jalb qilingan davlat mablag‘lari portfeli Markaziy Osiyodagi eng yirigi hisoblanadi, deyiladi Butunjahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan KUN.UZ’ga taqdim etilgan ma'lumotlarda.

Garchi bu masalada ma'lum bir rivojlanishga erishilgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda aholi hamon toza ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. Masalan, qishloq joylarda ko‘plab xonadon xo‘jaliklari vodoprovod tarmog‘iga ulanmagan. Ulangan joylarda esa ichimlik suvining sifati pastligi kabi muammolar bor.

Butunjahon banki bu borada ahvolni yaxshilash uchun bir necha yirik loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekiston hukumatiga yordam berib kelmoqda. 1996 yildan buyon ushbu xalqaro moliya instituti Qoraqalpog‘istonda, shuningdek, Xorazm, Buxoro, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida vodoprovod va kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish uchun 450 million dollarga yaqin mablag‘ ajratgan.

Yaqinda Butunjahon bankining loyihaviy jamoasi Sirdaryo viloyatiga keldi va viloyatning 280 ming aholisini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash borasidagi loyihaning amalga oshirilish jarayoni bilan tanishdi. Viloyatning Sardoba, Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin va Xovos tumanlaridagi vodoprovod tizimini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish uchun  ilgariroq Butunjahon banki 88 mln. AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratgan edi. Loyihaga mamlakat hukumatining o‘zi 12 million dollar mablag‘ ajratgan.

Ayni paytda Sirdaryo viloyatining shahar va qishloqlari eskirgan mahalliy suv tarmoqlari va alohida quduqlar orqali suv bilan ta'minlanadi. Bu infratuzilma juda eskirgan. Aholining 25 foizi ichimlik suvidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalana olmaydi va suv saqlovchi sig‘imlardan foydalanishga majbur. 55 foiz oilaga suv kuniga 6 soatdan kamroq vaqt beriladi. Faqatgina aholining 10 foizi tunu-kun suvdan foydalanish imkoniyatiga ega.

Butunjahon banki tomonidan loyiha rahbari Devid Lord shunday deydi: «Ayni paytda Sirdaryo viloyatidagi minglab xo‘jaliklar toza ichimlik suviga ega bo‘lish borasida muammolarga duch kelishmoqda, ayniqsa, jazirama yoz va qahraton qish fasllarida. Bundaylar odatda daromadi past bo‘lgan oilalardir va suvni boshqa manbalardan olish uchun qo‘shimcha xarajatlar qilishlariga to‘g‘ri keladi. Masalan, ba'zi bir qishloq hududlarida eng yaqin vodoprovod kolonkasiga 2 km yo‘lni piyoda bosib o‘tish uchun kuniga 6 soat sarflashlariga to‘g‘ri keladi. Boz ustiga, bu holatda uzoq navbatda turib, og‘ir yuk bilan uyga qaytishi ham kerak. 2019 yili infratuzilma to‘liq ishga tushirilgach, viloyatda vaziyat tubdan o‘zgaradi». 

Loyihaga ko‘ra 1500 km yangi vodoprovod va suv o‘tkazish quvurlari yotqizish nazarda tutilgan. Ular orqali yer osti suv manbalaridan suv yetkaziladi. 40 ta suv taqsimlash punkti, 32 ta suv to‘plash minorasi, 2 ta suvni xlor bilan zararlantirish stansiyasi barpo etiladi. Natijada, modernizatsiya qilingan tizim viloyatning 93 aholi punktidagi 47 ming uy xo‘jaligini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta'minlashga o‘tadi. Ularning barchasi individual suv hisoblash tizimi bilan jihozlanadi. Suvni iste'molchilarga yetkazishda yo‘qotishlar miqdori 40,2 foizdan 14 foizgacha kamaytirishga erishiladi, uni kunlik iste'mol qilish esa kishi boshiga hozirgi sutkasiga 15,2 litrdan 95 litrgacha, shaharlarda esa 125 litrgacha ko‘payadi. 

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid