Jahon | 15:22 / 05.09.2017
15721
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston prezidenti BRIKS davlatlaridan yordam so‘radi

Foto: Sinxua

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Xitoyning Syamen shahrida bugun Xitoy, Rossiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Braziliya, Misr, Meksika, Gvineya prezidentlari hamda Hindiston va Tailandning bosh vazirlari ishtirokida o‘tayotgan BRIKS davlatlari rahbarlari sammitida chiqish qildi, deb xabar beradi Asia plus media guruhi.

O‘z chiqishida Imomali Rahmon zamonaviy dunyo har lahzada yangi tahdidlar va chaqiruvlarga duchor bo‘layotgan bugungi sharoitlarda BRIKS davlatlari rahbarlari sammiti dunyo siyosatida muhim o‘rin tutishini ta'kidlab o‘tdi.

Tojikiston prezidenti BRIKS davlatlarini 2015 yilda qabul qilingan BMTning barqaror rivojlanish dasturini faol amalga oshirishga chaqirdi.

Imomali Rahmonning qayd etishicha, dunyoning rivojlanayotgan davlatlari, shu jumladan Tojikiston ham ushbu dasturni amalga oshirish uchun o‘zlariga bog‘liq barcha choralarni qo‘llamoqda. U BRIKS sammiti qatnashuvchilariga gidroenergetika bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun rivojlanayotgan davlatlarga ko‘rsatilayotgan yordam miqdorini oshirishga chorladi.

Tojikiston prezidenti sammit ishtirokchilari e'tiborini sayyoramizda iqlim o‘zgarishi muammolariga ham qaratdi.

Xitoyning Syamen shahrida BRIKS (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JAR) davlatlari rahbarlari va taklif etilgan davlatlar yetakchilari bilan sammiti o‘tmoqda.

Xitoy tomoni sammitda «outreach» formatida ishtirok etish uchun besh davlat — Misr, Tojikiston, Meksika, Gvineya va Tailandni taklif etgan.

Uchrashuv mobaynida Xitoy «Janub-Janub hamkorligiga ko‘maklashish jamg‘armasi» orqali rivojlanayotgan iqtisodiyotlarni qo‘llash uchun 500 mln. AQSh dollari ajratishi, shuningdek, milliy kadrlarni o‘qitish uchun 40 mingta o‘rin ajratishini e'lon qildi, deb xabar berdi TASS.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid