Jahon | 17:40 / 06.09.2017
8994
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning yangi davlat kotibi kim bo‘lishi mumkinligi aytildi

AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Heyli Reks Tillersonni Davlat  departamenti rahbari lavozimida almashtirishi mumkin. Bu haqda Foreign Policy Amerika hukumatidagi manbaga asosan xabar bermoqda.

«O‘tgan haftada uning ketishi, Heyli esa bu lavozimni egallashi mumkin ekani haqida mish-mishlar avj oldi», - deya ma'lum qildi amaldor.

Nashrning xabar qilishicha, Tillersonning iste'fosi haqidagi mish-mishlarga uning so‘nggi vaqtlarda omma oldida kamroq ko‘rinish berayotgani  va tashqi siyosatning muhim masalalari bo‘yicha bayonotlar bilan chiqmayotgani sabab bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, Heyli Eron yadro kelishuvi va KXDR raketa-yadro dasturi kabi masalalar bo‘yicha chiqish qilgan.

Shu bilan birga, Davlat departamenti vakili o‘z rahbari iste'foga chiqishi haqidagi mish-mishlarga izoh bermagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tillerson faol ish olib bormoqda.

Avvalroq The Washington Post nashri AQSh prezidenti Donald Tramp borgan sari davlat kotibi Reks Tillersondan ko‘ngli qolayotgani haqida yozgandi.

Mavzuga oid