Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Forbes 400: dunyodagi eng badavlat odamlar reytingi qanday yaratilgan?
1981 yilda Forbes nashri muharriri Jim Maykls o‘z xonasiga mas'ul muharrir Garold Senekerni chaqirtirgan. «Bu juma kuni edi. Bu kun xodimlarni bo‘shatish uchun zaxiralangan edi», deb eslaydi Seneker. Biroq o‘zining bo‘shatilishi haqida eshitishni kutgan Seneker eshitgan narsa yanada ham badtarroq bo‘lgan. Uning keyingi vazifasi jurnal asoschisi Malkolm Forbsning o‘zi bildirgan g‘oyani amalga oshirish, ya'ni Amerikada yashovchi eng boy odamlar reytingi – tarixdagi ilk Forbes 400’ni yaratish bo‘lgan. Bunda 400 soni o‘z ichiga 400 kishini sig‘dira oladigan afsonaviy bal zali Caroline Astor’ga ishora bo‘lgan.
Jurnalning ko‘pchilik xodimlari bunday hisob-kitoblarni haqiqatda bajarish mumkin deb xayollariga ham keltirishmagan. Albatta, siz qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar komissiyasidan ma'lumotlarni olishingiz mumkin. Biroq ommaviy bo‘lmagan korxonalar borasida nima qilish kerak? Uy, yaxta, san'at asarlari to‘plami borasida-chi? Va siz hech kimni nazardan qochirmaganligingizga qanday amin bo‘la olasiz? Mayklz Senekerga imkoni bor ishni qilishni buyurgan. «So‘ngra u mening yelkamga qoqib, xonasini tark etgan. Men dushanbagacha u ta'tilga ketganidan bexabar bo‘lganman», deya xotirlaydi Seneker.
Seneker ishni yosh muxbir Jonatan Grinberg bilan birga butun mamlakat bo‘ylab badavlat odamlarni topish maqsadida tegishli yangiliklarni o‘rganishdan boshlagan. Ular bankirlar, fandrayzerlar va mahalliy jurnalistlar – shaxsiy boylik haqida ma'lumotga ega bo‘lgan barcha bilan suhbatlashgan holda, butun AQShni kezib chiqishgan. Ular, AQShning buyuk neft magnatlarini qidirib Dallas, Hyuston va Midlendga kelishgan, eski Bostondan Kremniy vodiysiga yo‘l olishgan va Atlanta, Detroyt, Chikago, Talsa hamda boshqa o‘nlab shaharlarda to‘xtashgan. Eng katta muammolardan biri Nyu-Yorkdagi ko‘chmas mulkni o‘rganish bo‘lgan.
«Bizda Nyu-Yorkdagi har bir binoga egalik qiluvchilar ko‘rsatilgan katalog bo‘lgan. Biz Beshinchi avenyu, Park-avenyu va Medison-avenyu bo‘ylab kezib, har bir binoga qarab, takrorlangan har bir nomni kuzatib borganmiz», deydi Grinberg.
So‘ngra Forbes 400’ning ehtimoly ishtirokchilari bilan intervyular boshlangan. Ulardan ko‘pchiligi ro‘yxatda bo‘lmaslikni istashgan, qolganlar esa shunchaki go‘shakni ilib qo‘yishgan. Biroq yana boshqalar o‘zlari va aksariyat hollarda o‘zgalar haqida gapirishni bajonidil istashgan. Ular o‘zlarining boyliklari haqida gapirishni xush ko‘rmasalar-da, biroq sheriklari yoki raqobatchilari haqida barcha ma'lumotni yetkazishga oshiqishgan.
Ulardan ayrimlari hattoki ro‘yxatda yuqorilash yoki pastlashni qo‘llab-quvvatlagan. Bugungi kunda ushbu ro‘yxatga kirish uchun sizda kamida 1,7 mlrd dollar bo‘lishi kerak bo‘lsa, o‘sha vaqtda buning uchun 100 mln dollar kifoya qilgan. Bir magnat raqamni bilgach, uning boyligi pasaytirilishini o‘tinib yolvorgan.
Grinbergning aytishicha, AQShning amaldagi prezidenti, milliarder Donald Tramp reytingda yuqoriroq o‘rinlarni egallashga urinib, uchrashuvlar vaqtida o‘z otasi yoki unga tegishli bo‘lgan binolardan biri bo‘yicha qiziqayotgan ehtimoliy mijoz nomidan «qalbaki» telefon qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishdan ham toymagan.
Minglab millar va intervyularni qamrab olgan bir yildan ko‘proq mashaqqatli mehnatdan keyin Forbes 400’ning ilk ro‘yxati 1982 yil sentabrida gazeta kioskalarida paydo bo‘lgan. Jurnalning eng muhim sonlaridan biri ro‘yxatda nomlari tilga olinganlar tomondan turli fikrlar bildirilganiga qaramay dunyo yuzini ko‘rgan.
«AQShdagi har bir lan'ati birja makleri menga qo‘ng‘iroq qilmoqda. Qanday chalkashlik!», deb jig‘ibiyron bo‘lgan mediamagnat Malkolm Borg. Victoria's Secret rahbari Le Veksner esa «Bu chop etilmaguncha men boy edim. Endi bo‘lsa shkafdan chiqdim», deb shikoyat qilgan.
Boshqalar esa reytingga umuman e'tibor berishmagan. National Enquirer egasi Jyenerozo Poum bundan juda mamnun bo‘lgan, biznesmen Uilyam Horvits esa «ulkan zavq his qilgani»ni aytgan. Yana bir mediamillioner Donald Reynolds esa Forbes uchun bu hali boshlanishi ekanini bashorat qilgan. «Maqtanchoq chol bo‘la turib hatto men hayratda qoldim. Men reytingni oxirigacha o‘qidim va keyingisini intiqlik bilan kutib qolaman», deb aytgan Reynolds.
Mavzuga oid
16:03 / 27.05.2026
Forbes dunyoning eng serdaromad sportchilari reytingini e’lon qildi
15:41 / 16.04.2026
Forbes ko‘chmas mulk sektoridagi eng yirik investor nomini e’lon qildi
22:36 / 10.03.2026
Forbes milliarderlarning 2026 yilgi yangi reytingini e’lon qildi
22:14 / 04.02.2026