O‘zbekiston | 19:16 / 21.09.2017
12154
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning uch shahrida O‘zbekiston konsulligi ochiladi

Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga qulaylik yaratish maqsadida MDH davlatlarida konsulliklar faoliyatini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Jumladan, Rossiyaning Yekaterinburg, Vladivostok, Qozon shaharlarida O‘zbekiston konsulligini ochish uchun rasmiy rozilik olindi. Bu haqida KUN.UZ muxbiri TIV rahbarining o‘rinbosari A.Xodjayevning 21 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda bergan ma'lumotlariga asoslanib, xabar berdi. 

Shuningdek tadbirda ma'lum qilinishicha, bugungi kunda fuqarolarning davlat chegarasidan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, qog‘ozbozlik, korrupsiyaga chek qo‘yish, yagona darcha tizimini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

2019 yilning 1 yanvaridan xorijga chiqish stikeri bekor qilinadi, uning o‘rniga xorijga chiqishga mo‘ljallangan biometrik pasport muomalaga kiritiladi. Mazkur pasportning amal qilish muddati - 2 yildan 10 yilgacha. 

Tadbirda ta'kidlanishicha, ayni kunlarda yangi pasport tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi tahrirdagi Nizom ishlab chiqilmoqda, buning uchun esa biroz muddat talab qilinadi. 
 
Bundan tashqari, tadbirda bugungi kunda interaktiv xizmatlar, elektron hujjatlashtirish tizimini yaratish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilayotgani, kelgusida elektron navbatlar joriy qilinishi va shu tariqa fuqarolarga qulaylik yaratilishi ta'kidlandi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid