Sport | 15:00 / 21.09.2017
25646
8 daqiqa o‘qiladi

Tahlil. «Real»ga nima xalal bermoqda?

Maqolani yozilayotganda, bir gap eshitdim, «Real» tarixda hech qachon «Barselona»dan 7 ochko ortda borgan mavsumida chempionlikni nishonlamagan ekan. Bunday «qonuniyatlar» kimlarnidir tashvishlantirishi bor gap, shu bilan birga har qanday natija ham qachondir birinchi marta sodir bo‘ladi.

La Ligadagi navbatdagi mavsumni «Real» muvaffaqiyatsiz boshlashi hech kimning xayoliga kelmagandi. Ayniqsa, «Santyago Bernabeu»da qatorasiga uch uchrashuv g‘alabasiz o‘tdi. Albatta, jamoa o‘yinlarini kuzatyotgan bo‘lsangiz, inqiroz haqida gapirishga hojat yo‘q. Tarkib borasida ham, o‘yin bo‘yicha ham Zidan shogirdlari hali ham Yevropaning eng kuchli klubi bo‘lib qolmoqdalar, nazarimda. Ammo biror muvaffaqiyatsizlik «seriya» ko‘rinishini olganda, tasodif toifasidan chiqadi va qandaydir sabablar axtarishga ehtiyoj yaratadi. Xo‘sh, «Real»ga nimalar xalaqit bermoqda? 

JAROHAT VA DISKVALIFIKATsIYaLAR

Superkubok uchun o‘tkazilgan o‘yinda Krishtianu Ronaldu hakamni turib yuborgani uchun 5 o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Yana bir yetakchi hujumchi Karim Benzema «Levante» bilan o‘yinda og‘ir jarohat oldi va kamida bir oyga safdan chiqdi. Xuddi o‘sha o‘yinda, chap qanot himoyachisi Marselo maydondan chetlatildi va Sosedaddagi o‘yinni o‘tkazib yubordi. Buning ustiga u kechagi o‘yinda ham jarohati tufayli maydonni tark etdi. Oxirgi xabarlarga ko‘ra, u bir oygacha safga qaytmaydi. Marseloning o‘rnini bosishi kerak bo‘lgan Teo Ernandes ham jarohat olgan. Mateo Kovachich lazaretda, Luka Modrich ham bir o‘yinni o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri keldi. Marko Asensioning ajoyib formasi pasaygan.

Odatda jamoalar mavsumni imkon qadar bir tarkibda boshlab oladi, chunki, jamoa yaxshi formada bo‘lmaganda, ko‘proq eski, sinalgan bog‘lamlar, g‘alaba qozonish tajribasi qo‘l keladi. Bir necha o‘yinlar o‘tgach, tarkibni tetiklashtirish, ba'zi charchagan futbolchilarga dam berish uchun rotatsiyalarga qo‘l uriladi. Tarkibdagi o‘zgarishlar rejali rotatsiyalar emas, aynan mana shunday kutilmagan omillar yuzasiga paydo bo‘layotgani natijaga salbiy ta'sir qilishi muqarrar

VAZIYaTLARDAN FOYDALANA OLMASLIK

«Real» 5 turdagi statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha yomon natija qayd etgani yo‘q aslida. Darvozaga berilgan aniq zarbalar bo‘yicha «Barselona» bilan birgalikda (bir o‘yinga 7.4) eng yaxshi natija qayd etgan. O‘rtacha aniq paslar soni bo‘yicha 2-o‘rin (bir o‘yinga 492), to‘pni nazorat qilish bo‘yicha ham 2-o‘rin (62.3 foiz)da borishmoqda.

«Santyago Bernabeu»dagi 3 o‘yinda jamoa atigi 2 ochko oldi xolos. Bu o‘yinlarda «Real» jami 62 marta darvozaga zarba yo‘lladi, shundan 24tasi aniq chiqdi. Bu zarbalarning atigi 3tasi golga aylandi xolos. Madridliklar darvozasiga 4 gol urilishi uchun mehmonlar atigi 9 marotaba aniq zarba berishi kifoya bo‘lgan, xolos.

ReKORDLAR

O‘tgan yili «Real» barcha musobaqalardagi mag‘lubiyatsiz seriyasini 40taga yetkazib, ispan jamoalari ichida shunday rekord sohibi bo‘lgan «Barselona»ni quvib o‘tgandi. Ammo kuchli beshlikdagi shunday rekord sohibi «Yuventus»ga yetib olish uchun atishi 3 o‘yin qolganda, «Sevilya»ga yutqazgandi. 2015 yilda esa, «Valensiya» «Real»ning o‘z maydonidagi 22 o‘yindan iborat g‘alabali seriyasiga chek qo‘ygan va madridliklar Ginnessning rekordlar kitobiga kirishiga to‘sqinlik qilgandi.

«Betis»ga qarshi o‘yin oldidan yana bir rekord haqida juda ko‘p gapirib yuborildi. Oxirgi marta 2016 yilning aprelida maydonni golsiz tark etgan madridliklar 73 o‘yindan beri har o‘yinda gol urib, «Santos»ning natijasini takrorlagan edi. «Betis» darvozasiga urilgan gol Pele jamoasini qayddan o‘chirar va «Real» yaqqol rekordchiga aylanardi. Albatta, bu ham «Real»ga ortiqcha bosim yuklagan bo‘lishi tabiiy.

ORTIQChA IShONCh

Avgustda Ramos, Modrich va Ronaldu Yevropada o‘z chiziqlarida eng yaxshilar sifatida qayd etilgach, buning ustiga superkuboklardagi «Manchester Yunayted» va «Barselona» ustidan qozonilgan ishonchli g‘alabalar butun dunyoni «Real» haqida gapirishga majbur qilgandi.

O‘sha holatga Zaynidin Zidan juda to‘g‘ri baho bergandi va shogirdlarini uchayotgan maqtovlardan himoya qilishga chog‘langandi. O‘sha Yevropaning eng yaxshilari bo‘lib turgan shogirdlari haqida: «Ular o‘z oyoqlarida turishlarini istar edim», – deb qisqa gapirdi xolos.

«Levante» bilan durangdan so‘ng ham Zidan bu nuqtaga yana e'tibor qaratdi – «shogirdlarim maydonga o‘zlariga haddan tashqari ishongan holda tushmoqdalar», deb izoh berdi u navbatdagi durangdan so‘ng.

Rostan ham, agar raqib yuz foizlik natija ko‘rsatib turgan va o‘z maydonida o‘ynayotgan «Real Sosedad» yoki «Barselona» yoki «Manchester Yunayted» bo‘lsa, o‘yinning ahamiyatidan qat'i nazar, madridliklar uchun qulay – navbatdagi top o‘yin kabi munosabatda bo‘linadi va u holda jamoani to‘xtatish qiyin. Ligada ham jamoa hozircha eng yaxshi o‘yinini eng qiyin raqib bilan o‘tkazdi. Muammolar aynan «Real» osonlik bilan ochko olishi shart bo‘lgan to‘qnashuvlarda paydo bo‘lmoqda.   

BOSIM

Ikki yil ketma ket Chempionlar Ligasini shu paytgacha hech kim yutmagandi. «Real» bundan tashqari Ispaniya chempionatida ham g‘alaba qozondi va tengsiz jamoa sifatida mavsumni boshladi.

Bunday bosimni yelkasida ko‘tarish, hech narsa bo‘lmagandek, yangi mavsumni odatdagi g‘alabalar bilan boshlash uchun yulduz bo‘lishi kerak. Krishtianu Ronaldu, Benzema, Beyl kabi futbolchilar turli sabablarga ko‘ra chetda qolishgach, Morata, Xames kabi qutqaruvchilar sotilib yuborilgach, Madridda bu bosim Asensio, Isko, Vaskes kabi futbolchilar yelkasiga tushib qoldi.

Asensio juda ajoyib futbolchi, lekin agar muxlislar Beylga qarshi hushtak chalib, o‘rniga Asensio o‘ynashi kerakligini aytib turgan bir pallada, bunday bosimni ko‘tarish oson emas. Asosan zaxira varianti bo‘lgan futbolchilarning o‘tgan yili ba'zi o‘yinlardagi yaxshi o‘yinlari tufayli yulduzlik maqomi berib yuborildi. Rostan ham bu futbolchilar o‘sishda, foyda keltirishda davom etishlari mumkin, lekin gap aynan mavsum boshidagi bosimni ko‘tarish haqida ketganida, biroz og‘ir bo‘lishi tabiiy.

 

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid