Jamiyat | 18:38 / 21.09.2017
21134
2 daqiqa o‘qiladi

Taniqli shoir Usmon Qo‘chqor vafot etdi

Foto: Ijod.uz

Bugun, 21 sentabr kuni erta tongda taniqli shoir va tarjimon Usmon Qo‘chqor vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron xabar berdi.

“Bugun tongda taniqli shoir va tarjimon Usmon Qo‘chqor vafot etdi. Inna lillahi va ilahi rojiun. Olloh rahmatiga olsin! Usmon Qo‘chqor yaxshi inson, iste'dodli shoir, mahoratli tarjimon edi. Hech nima da'vo qilmasdan, indamasdan ijod qildi. Garchi yuragida dardi ko‘p bo‘lsa-da, uni hammaga ochavermadi, faqat va faqat she'riga ishondi. Inna lillahi va ilahi rojiun. Olloh rahmatiga olsin! Do‘stimizning oila a'zolariga hamdardlik bildiramiz”, - deya xabar bergan Xurshid Davron. 

Usmon Qo‘chqor 1953 yil 15 iyulida Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini tamomlagan. «Hayajonga ko‘milgan dunyo», «Akssiz sadolar», «Uyqudagi minora», «Og‘ir karvon», «Chamangul», «Shirq» kabi she'riy kitoblari nashr etilgan. «Quvg‘un» dostoni va «Imom Buxoriy» she'riy dramasining muallifi. Husayn Jovidning «Amir Temur» va «Shayx San'on» dramalarini, Yusuf Samado‘g‘lining «Qatl kuni», Anorning «Besh qavatli uyning oltinchi qavati» romanlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

KUN.UZ tahririyati marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.

Mavzuga oid