Jahon | 10:10 / 24.09.2017
50269
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh armiyasi Rossiya bilan urush olib borish bo‘yicha qo‘llanma chiqardi

Foto: AP

AQSh armiyasi qo‘mondonligi "Rossiyaning gibrid urushiga" qarshi jang qilish strategiyasi bo‘yicha qo‘llanma chiqardi, deb xabar bermoqda The National Interest nashri.

2016 yil dekabrda chop etilgan va yaqinda internetga joylashtirilgan "Yangi avloddagi rus urushi bo‘yicha ma'lumotnoma" deb atalgan bu qo‘llanmada Rossiyaning gibrid jangovar taktikasi va AQSh harbiylari bunga qanday qarshilik ko‘rsata olishlari ko‘rib chiqilgan.

Ma'lumotnoma 68 sahifadan iborat bo‘lib, unda asimmetrik urush olib borishda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan va Rossiyaning "Ukraina va Qrimdagi operatsiyalarida" qo‘llangan harbiy texnikasi haqida ma'lumotlar va suratlar jamlangan. Hujjatda ta'kidlanishicha, bu operatsiyalarda maxsus operatsiyalar olib boruvchi kichik bo‘linmalar, "mahalliy ayirmachi guruhlarni qo‘llab-quvvatlovchi Rossiya qo‘shinlarining kichik, yaxshi qurollangan tuzilmalari" ishtirok etgan.

Qo‘llanmada Rossiyaning strategiyasi Rossiya qo‘shinlarining harbiy g‘alabasiga emas, balki "mahalliy kuchlarni birlashtirish yo‘li bilan tuzumni o‘zgartirishga erishishga" asoslangani haqidagi xulosaga kelingan.

Qo‘llanmada ta'kidlanishicha, Rossiya jang maydonini uchuvchili va uchuvchisiz razvedka tizimlari yordamida raqib kuchini aniqlash, so‘ngra uni aviatsiya yoki artilleriya yordamida yo‘q qilish uchun razvedka qilishda AQSh tomondan qo‘llanadigan razvedka usulidan foydalanadi.

Shuningdek, Rossiyaning aralash urushdagi taktik operatsiyalari ko‘rib chiqilgan. Buning misoli sifatida, Ukraina sharqidagi harakatlar keltirilgan.

Nashrda Rossiya qurolli kuchlarining AQSh kuchlari foydalanishi mumkin bo‘lgan bir necha zaif joylari ko‘rsatilgan. Harbiy ekspertlarning fikricha, bu zaif joylar chaqiriq orqali safarbar qilingan rus askarlarida motivatsiya yo‘qligi, bo‘sh logistika tizimi va kuchli, biroq noaniq aviatsiya va artilleriya ko‘magi hisoblanadi. Shuningdek, Rossiya armiyasining kuchli tomonlari sifatida havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari va radioelektron kurash vositalari aytib o‘tilgan. Biroq shu bilan birga Rossiya armiyasida yangi texnika yetishmasligi qayd qilingan.

Bundan tashqari, yo‘riqnomada AQSh kuchlari radioelektron kurash vositalari yordamida GPS va radioaloqa chastotalariga xalaqit berish mumkin bo‘lgan hozirgi sharoitlarda jang qilishni mashq qilishlari tavsiya qilingan.  

Mavzuga oid