Sport | 10:38 / 29.09.2017
10682
2 daqiqa o‘qiladi

Pike kataloniyaliklarni referendumga chorladi, Ramos uni ehtiyotkorlikka chaqirdi

Kataloniya Ispaniyadan ajralib chiqishi g‘oyasining eng mashhur tarafdorlaridan biri, «Barselona» futbolchisi Xerard Pike ijtimoiy tarmoqda yana bir bor o‘z pozitsiyasini ayon etdi. U tvitterdagi sahifasida kataloniyaliklarni 1 oktabr kuni o‘tkaziladigan referendumda qatnashishga chaqirgan.

«Yakshanba kuni biz tinch saylovga boramiz. Kelinglar maqsadimizga erishishimiz uchun to‘siq bo‘lishga hech kimga imkon qoldirmaylik. Ular shuni istashadi. Balandroq ovozda qo‘shiq kuylang. Biz ovoz berishga boramiz», — degan Pike.

O‘z navbatida «Real» futbolchisi Serxio Ramos Pikening bu chiqishiga munosabat bildirdi. 

«Pikening so‘zlari – hushtakbozlikka uchrashni istamaydigan odam uchun yaxshi so‘zlar emas. Bu so‘zlar Ispaniya terma jamoasi futbolchisi uchun munosib so‘zlar emas. Ammo har kim o‘z pozitsiyasini bildirishga haqli», — deya Ramosning so‘zlarini keltirgan Marca.

Keyingi yillarda Pike ijtimoiy tarmoqlarda bahsli fikrlar yozadi. U ko‘pincha o‘zining achchiq kinoyalarini «Real» manzili tomon yo‘llaydi. Shu tufayli Ispaniya terma jamoasi mashg‘ulotlarida qatnashayotgan vaqtida Pike tez-tez hushtakbozlikka yo‘liqadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid