O‘zbekiston | 12:51 / 29.09.2017
7544
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda oziqlanish bo‘yicha milliy tadqiqot o‘tkaziladi

Foto: YUNISEF

Sog‘liqni saqlash vazirligi va YUNISEF O‘zbekistondagi ayollar va bolalarning oziqlanishi bo‘yicha holatlarini aniqlash maqsadida milliy tadqiqotni boshlashmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va YUNISEF boshlanajak tadqiqot samarali tarzda amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida, ma'lumot yig‘uvchi mutaxassislar uchun o‘quv seminarini tashkil etishdi.

Milliy tadqiqotni o‘tkazish shu yilning oktabr oyiga rejalashtirilgan va u O‘zbekistondagi ayollar va bolalar o‘rtasida yetarlicha oziqlanmaslik darajalarini har tomonlama baholab berishi kutilmoqda. Ushbu tadqiqot oziqlanish holati bo‘yicha mintaqaga xos ilk ma'lumotlarni taqdim etadi.

«Xalqaro miqyosda taqqoslash imkoni mavjud bo‘lgan ma'lumotlarga ehtiyoj mavjudligiga yaqinda mamlakat prezidenti va bosh vazir o‘rinbosari tomonidan urg‘u berildi. Tadqiqot aynan shu muhim ehtiyojni qondirishga o‘z hissasini qo‘shadi», - dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Afshin Parsi. «Muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha to‘g‘ri tasniflangan va ishonarli ma'lumotlarga ega bo‘lishi esa, O‘zbekistonda ayollar va bolalar farovonligini ta'minlashga qaratilgan davlat dasturlarini rejalashtirish va monitoringini olib borishda yordam beradi», - deb qo‘shimcha qildi u.

O‘quv seminarida tadqiqotda amalga oshirilajak barcha bosqichlarni sinov amaliyotidan o‘tkazish, so‘rovnoma suhbatlarini mashq qilish, ma'lumot yig‘ish jarayonida qo‘llaniladigan elektron uskunalarni ishlatib ko‘rish, bo‘y va vaznni o‘lchashni hamda biologik namunalar yig‘ishni mashq qilish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Foto: YUNISEF 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Aholishunoslik jamg‘armasi hamda Kasalliklarni nazorat qilish va ularning oldini olish markazining O‘zbekistondagi vakolatxonalari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan ushbu tadqiqotning natijalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2016-2020 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining amalga oshirilishiga ko‘maklashishi kutilmoqda.

Tadqiqotchilar, oziqlanish bilan bog‘liq bo‘lgan savollarga javob olish bilan bir qatorda, shaxsiy salomatlik va emlanganlik holatlari hamda homilador ayollarning tug‘ruqoldi xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari bo‘yicha ham ma'lumot yig‘adilar. Tadqiqot doirasidagi so‘rovnomada O‘zbekistonning qishloq va shahar joylaridagi 4200 uy xo‘jaliklari ishtirok etadilar.

«Sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha milliy tadqiqot reproduktiv yoshdagi ayollarda mikronutriyentlar tanqisligi va ularning ovqatlanish ko‘nikmalari hamda chaqaloqlar va kichik yoshdagi bolalarni ovqatlantirish ko‘nikmalariga oid ma'lumotlarni yig‘ish orqali bizga yordam beradi», - dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili, professor Dilorom Ahmedova.

«Mazkur ma'lumotlar aholining, jumladan, uning eng zaif qatlamlarining oziqlanish holatini yaxshilashga oid asoslangan qarorlar qabul qilishimizda bizga qo‘l keladi», - deb qo‘shimcha qildi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid