Sport | 00:55 / 01.10.2017
21649
3 daqiqa o‘qiladi

Chempionlar tarbiyalayotgan andijonlik  sport murabbiylari

1 oktabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni. Insoniyat tamaddunida ustozning o‘rni beqiyos. Muallim shaxsni kamolotga boshlovchi kasb egasidir. Ularni har qancha ardoqlasak oz.

Bayram arafasida Andijon viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tashabbusi bilan Respublika, Osiyo va jahon chempionlarini tarbiyalayotgan yosh sport murabbiylarini qutlash uchun bordik. Viloyatda Miron Kim, Aleksandr Razmaxov, Mars Qo‘chqorov, O‘tkirbek Haydarov, Ziyovitdinbek Toygonboyev singari taniqli murabbiylarning izdoshlari yetishib chiqmoqda. Ustozlarni tabiiyki, mashg‘ulotlar zalida o‘z shogirdlari bilan mashqlar ustida uchratasiz.

Jamoliddin Bozorov – Andijon olimpiya zaxiralari kollejining belbog‘li kurash sport turi bo‘yicha murabbiyi, xalqaro toifadagi sport ustasi. Uning tarbiyalanuvchilari orasida ikki nafar jahon chempionlari bor. Kuni kecha yakuniga yetgan Ashxobod -2017 Osiyo o‘yinlarida ikki nafar shogirdi oltin medal sohibi bo‘ldi.

Lochinbek Guldayev – Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi tasarrufidagi futbolga ixtisoslashtirilgan maktab-internati murabbiyi. Uning tarbiyalanuvchilari muntazam ravishda viloyat va respublika miqyosidagi musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lib kelishmoqda. Muassasa jamoasi futbol maktab-internatlari o‘rtasida o‘tkaziladigan Respublika birinchiliklarida muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. 

Murodjon Mo‘ydinov - Andijon shahar 1- bolalar va o‘smirlar sport maktabining karate sport turi bo‘yicha murabbiyi, sport ustasi. Uning boshchiligidagi viloyat jamoasi 6 yildan buyon tanafussiz mamlakat chempionatida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib kelmoqda. Joriy yilda 3 nafar shogirdlari - Islombek Sattarov, Abdulaziz Ataboyev va Shohruh Tursunho‘jayevlar Osiyo chempionati sovrindorlari bo‘lishdi.

Baxtiyor Taxtaboyev – suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabining baydarka va kanoe murabbiyi. Yosh murabbiy shogirdlari 2017 yilda o‘tkazilgan Osiyo Kubogi musobaqalarida 2 ta oltin, 6 kumush va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. To‘qqiz nafar tarbiyalanuvchisi mamlakat terma jamoasi a'zosi. 

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon
Muallif olgan suratlar

Mavzuga oid