Jahon | 19:00 / 01.10.2017
9064
2 daqiqa o‘qiladi

Ular baribir borishmoqda. Kataloniyadagi referendumda davomat 50 foizdan oshdi

© AP Photo/Manu Fernandez

Kunning ikkinchi yarmiga kelib Kataloniyadagi referendumda davomat 50 foizdan oshdi. Bu haqda jurnalistlarga Kataloniya rahbari Jordi Turul ma'lum qildi.

«Ayni vaqtda davomat 50 foizlik chegaradan o‘tdi», deya ma'lumot bergan u.

Kataloniyada 7,5 million kishi istiqomat qiladi, shundan 5,3 million kishi saylash huquqiga ega hisoblanadi.

Kataloniya hukumati referendum uchun 2,3 mingta saylov uchastkasi tayyorlagandi.

Ammo Ispaniya hukumati ushbu referendumni qonuniy emas, deb baholadi va politsiyachilarni saylov uchastkalarini yopish uchun yo‘lladi. Natijada saylov uchastkalarning mingdan ortig‘i shanba kuniyoq yopilgandi.

Kataloniya hukumati odamlar saylovga borishi uchun barcha choralarni ko‘rmoqda. Ammo saylov uchastkalari atrofini politsiyachilar o‘rab olishgan. Natijada kataloniyaliklar va politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuzaga keldi.

Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 20:00gacha (Toshkent vaqti bilan soat 23:00) ochiq bo‘ladi.

Agar referendum natijasida uni aksar saylovchilar qo‘llab-quvvatlasa, Kataloniya o‘zini mustaqil davlat sifatida e'lon qiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid