Jahon | 16:10 / 05.10.2017
13813
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni podshohining Rossiyaga tashrifi qanday maqsadlarni ko‘zlaydi?

Foto: Reuters

Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdul Aziz ol-Saud uning Rossiyaga tashrifi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga yordam berishiga ishonadi. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi bayonotida shu haqida ma'lum qilingan.

Saudiya hukmdori Rossiyaga kelganidan baxtiyor ekanini ta'kidlagan. U ushbu uchrashuv ikki mamlakat manfaatlari va farovonligi yo‘lidagi hamkorlikni rivojlantirishga turtki berishiga hamda butun dunyoda xavfsizlikni mustahkamlash uchun xizmat qilishiga umid bildirdi. 

Saudiya podshohining Rossiyaga tarixdagi ilk tashrifiga chorshanba kuni start berildi. Bugun ol-Saud RF prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazadi. Ikki yetakchi muzokaralaridagi asosiy mavzular - neft bozoridagi vaziyat, harbiy-texnik hamkorlik, Suriya, Saudiya va Qatar munosabatlardagi ziddiyatlar bo‘lishi kutilmoqda

Rejaga ko‘ra, podshoh 7 oktabrgacha Rossiya poytaxtida bo‘ladi. Yuqori darajali muzokaralardan tashqari, qator hujjatlarni imzolash maqsad qilingan.

Tashrif arafasida Kremlda Rossiya va Saudiya Arabistoni hukumatlari ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayotgani, ularning salohiyati yetarlicha ochilmagani qayd etilgan.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid