MDH sammitida qator hujjatlar imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 10-11 oktabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi.
Sammitning asosiy tadbirlari 11 oktabr kuni bo‘ldi.
Sochidagi Xalqaro kongresslar markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin kutib oldi.
Dastlab MDH davlat rahbarlari tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Unda Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ushbu xalqaro tuzilma faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi 1991 yil 8 dekabrdagi MDHni tuzish to‘g‘risidagi bitim hamda 1991 yil 21 dekabrdagi mazkur bitimga protokol asosida tashkil qilingan. Ushbu xalqaro tuzilmaga O‘zbekiston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Moldova Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Turkmaniston, Tojikiston Respublikasi va Ukraina a'zo hisoblanadi. Ijroiya qo‘mita MDHning ijro etuvchi, ma'muriy va muvofiqlashtiruvchi idorasidir.
O‘zbekiston MDH doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikda faol ishtirok etib kelmoqda. Bu a'zo mamlakatlar bilan turli sohalardagi aloqalar rivojiga hissa qo‘shmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport, turizm, ilm-fan, ta'lim va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini ta'kidladi. Yil boshidan buyon mamlakatimiz bilan MDH davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 foiz o‘sgan.
O‘zbekiston tuzilmadagi ishtirokini yanada faollashtiradi. Shu yil 3 noyabr kuni poytaxtimizda MDH Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishi o‘tkaziladi.
Davlatimiz rahbari a'zo mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, Hamdo‘stlik doirasida yangi, aniq loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish zarurligini qayd etdi.
Transport va kommunikatsiyalar hamkorlikning strategik muhim yo‘nalishi hisoblanadi. O‘zaro integratsiyalashgan transport tizimlarini rivojlantirish, Hamdo‘stlik mintaqasining ulkan tranzit salohiyatidan to‘la foydalanish barcha uchun manfaatli. Ma'muriy jarayonlarni takomillashtirish va o‘zaro imtiyozlar berish bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.
Turizm sohasidagi imkoniyatlar ham to‘la ishga solinmagani, bu imkoniyatlarni tahlil qilish va aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligi ta'kidlandi.
O‘zA xabariga ko‘ra, yig‘ilishda Afg‘onistondagi vaziyatga ham e'tibor qaratildi. Jinoiy daromadlarni legallashtirish, korrupsiya, terrorizm, narkobiznes kabi xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilindi.
MDHga raislik qiladigan navbatdagi mamlakat masalasi ko‘rib chiqildi. Umumiy qarorga muvofiq, 2018 yildan ushbu xalqaro tuzilmaga raislik Tojikiston Respublikasiga o‘tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan Prezident Imomali Rahmonni tabrikladi va ushbu mas'uliyatli vazifani bajarishda muvaffaqiyatlar tiladi.
Davlat rahbarlari muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdi.
Majlisda Hamdo‘stlik mamlakatlarining Parlamentlararo assambleyasi faoliyatini takomillashtirish, Tashqi ishlar vazirlari kengashi va Iqtisodiy kengashini rivojlantirish, kelgusi yillarda MDHning madaniy poytaxtlarini belgilash kabi masalalar muhokama qilindi.
MDHga a'zo mamlakatlar davlat rahbarlarining Oila instituti va an'anaviy oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bayonoti, Hamdo‘stlikda 2019 yilni Kitob yili, 2020 yilni 1941-1945 yillardagi ulug‘ Vatan urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi yili, deb e'lon qilish haqida qaror qabul qilindi.
Hamdo‘stlik mamlakatlarining jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizm va qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohalaridagi hamkorligiga doir konsepsiyalar ma'qullandi.
Shuningdek, MDH mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yana qator hujjatlar qabul qilindi.
Sammit doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu uchrashuvdan mamnunligini bildirib, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari aniq amaliy mazmun bilan boyiganini alohida ta'kidladi.
Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni Sochiga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil aprel oyida Rossiyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani va bu o‘z samaralarini berayotganini qayd etdi.
O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik 2004 yil 16 iyunda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, 2005 yil 14 noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma asosida izchil rivojlanib bormoqda. Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining Rossiyaga davlat tashrifidan so‘ng o‘tgan qisqa davrda o‘zaro aloqalar sezilarli faollashdi. Hamkorlik doirasiga yangi sohalar qo‘shildi. Keyingi oylarda hukumatlararo va hududlararo darajada bir qancha tashriflar amalga oshirildi.
Rossiya O‘zbekistonning muhim savdo-iqtisodiy sheriklaridan. Mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Eksport va importning barcha ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘sish kuzatilmoqda. Yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollardan oshgan.
Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Rossiya biznes-forumida ikki mamlakat ishbilarmonlari ko‘plab istiqbolli kelishuvlarga erishdi.
Sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari o‘rtasida kooperatsiya kuchayayotgani, biznes vakillari hamkorligi kengayayotgani, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanib borayotgani ta'kidlandi. Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirillning O‘zbekistonga tashrifi ham xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilgani qayd etildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarlarining 2016 yil Samarqandda o‘tgan uchrashuvidan keyin O‘zbekiston va Belarus munosabatlari faollashgani, o‘zaro savdo aylanmasi sezilarli oshganini ta'kidladi. Ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishi, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati va boshqa sohalarda foydalanilmagan katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Aleksandr Lukashenko Belarus O‘zbekiston bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi.
Belarus O‘zbekistonga Markaziy Osiyodagi muhim iqtisodiy sherik sifatida qaraydi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillari asosida rivojlanib bormoqda.
Qo‘shma korxonalar tashkil etish, savdo uylarini kengaytirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoni O‘zbekistonga taklif etdi.
Mavzuga oid
17:01 / 08.11.2024
Turkiy davlatlar tashkilotining yangi bayrog‘i qabul qilindi
14:04 / 08.11.2024
MDH davlatlari 2030 yilgacha harbiy hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqadi
17:21 / 06.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida 8 ta hujjat imzolandi
17:05 / 04.11.2024