23:44 / 14.10.2017
12625

"Yuventus" - "Latsio" o‘yini dramatik tarzda yakunlandi

Foto: Reuters

Italiya chempionatining 8-turi kutilmagan natija bilan boshlandi. 

"Yuventus" o‘z maydonida "Latsio"ni qabul qilib, 1:2 hisobida yutqazdi. Bu amaldagi chempionning nafaqat joriy mavsumdagi, balki so‘nggi ikki yilda o‘z maydonida o‘tkazgan o‘yinlardagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi.

Birinchi bo‘limda turinliklarning tashabbusi sezilarli bo‘ldi. 24-daqiqada Duglas Kosta darvozabon qaytargan to‘pga hammadan burun yetib kelib, uni to‘rga yo‘llashga erishdi. 
Ikkinchi bo‘limda ham "Yuventus" tashabbusni qo‘ldan boy bermadi, ammo qarshi hujumlarda pand yedi. 

47-daqiqada Luis Albertoning uzatmasidan so‘ng, Chiro Immobile Buffon bilan yuzma-yuz chiqib, uni dog‘da qoldirdi.

54-daqiqada shunga o‘xshash vaziyatda, Buffon Immobileni chalib yiqitdi. Jabrlanuvchining o‘zi penaltini aniq amalga oshirib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.

Qolgan daqiqalar "Yuventus"ning hisobni tenglashtirishga bo‘lgan besamar urinishlari bilan o‘tdi. 

So‘nggi soniyalar esa dramatik tarzda kechdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Paulo Dibala hisobni tenglashtirishi mumkin edi. Ammo uning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasidan so‘ng, to‘p darvoza ustuniga tegib qaytdi.

Bu hali hammasi emasdi. Eng so‘nggi daqiqada "Latsio" himoyachisi raqib hujumchisini o‘z jarima maydonida chalib yiqitdi. Ammo hakam buni payqamay qoldi. "Yuventus" futbolchilari bosh hakamdan takroriy lavhani tomosha qilishni talab etishdi. U esa penalti yaqqol bo‘lganini ko‘rsatib berdi.

Lekin, Paulo Dibalaga bugungi o‘yin qahramoni bo‘lish nasib qilmadi. Darvozabon Strakosha uning zarbasini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu g‘alabadan so‘ng, "Latsio" 19 ochko jamg‘arib, "Yuventus"ga yetib oldi. 

Chempionatda yuz foizlik natija qayd etgan "Napoli" 21 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Neapolliklar 8-tur doirasida safarda "Roma" bilan bahslashadi.

Italiya chempionati, 8-tur
Yuventus – Latsio 1:2 (1:0, 0:2)

14 oktabr, «Yuventus Stedium» 
Gollar: 1:0 – 23 Duglas Kosta, 1:1 – 47 Immobile, 1:2 – 54, penalti Immobile. 
Amalga oshirilmagan penalti: Dibala (90+8)
Yuventus – Buffon, Kellini, Bardzali, Lixtshtayner (Sturaro, 73), Duglas Kosta (Bernardeski, 54), Asamoa, Bentankur, Matyuidi, Xedira (Dibala, 65), Mandjukich, Iguain.
Latsio – Strakosha, de Vrey, Radu, Marushich, Bashtush, Milinkovich-Savich, Lulich (Gabarron, 84), Luis Alberto (Nani, 72), Parolo, Leyva, Immobile (Kaysedo, 76).
Ogohlantirishlar: Buffon (52), Sturaro (90), Gabarron (90).

Mavzuga oid
Top