Jahon | 21:20 / 15.10.2017
33646
2 daqiqa o‘qiladi

Finlyandiyada insoniyat uchun yangi ozuqa manbai topildi

Foto: Pixabay

Finlyandiyaning tabiat instituti olimlari sayyoramizda tobora o‘sib borayotgan ocharchilikka qarshi ozuqa manbai sifatida yog‘och qipiqlari bilan kurashishni taklif qilishdi. Olimlar guruhi qipiqlardan bir hujayrali oqsilni olish bo‘yicha MonoCell loyihasiga asos solishdi. Bunday oqsil baliqlar uchun ozuqa sifatida qo‘llanishi mumkin. Bu esa odamlar iste'mol qila oladigan ozuqani baliqlarga bermaslik imkonini beradi.

"Biz baliqlarni boqish maqsadida kartoshka yoki makkani ishlatishimiz mumkin, biroq bu mahsulotlar bilan odamlar qornini to‘yg‘azgan ma'qul. Misol uchun, AQShda kartoshka kraxmalidan bioetanol yoqilg‘isi tayyorlangan bir vaqtda, sayyoramizda ko‘plab odamlar ocharchilikdan aziyat chekmoqdalar. Men yeguliklardan yoqilg‘i olinishiga qarshiman", deb aytgan loyiha rahbari Risto Korpinen.

Finlyandiyaning yog‘ochni qayta ishlovchi korxonalarida har yili 3,3 mln tonna yog‘och qipig‘i olinadi. Uning askariyat qismi sellyuloza va elektr energiya olish uchun ishlatiladi, biroq ko‘p qipiq chiqindilar sifatida to‘planib, chirib yotadi.

Prognozlarga ko‘ra, 2050 yilga kelib sayyoramizda ocharchilikdan aziyat chekuvchilar soni 2 mlrd kishiga yetadi. Oziq-ovqat o‘simliklar yetishtiriladigan maydonlarning qisqarib ketishi sababli yetishmaydi. Amerikalik olimlarning aytishlaricha, sayyoramizning 31 foiz aholisi oziq-ovqat mahsulotlaridan nooqilona foydalanadilar. Ular taomga ishlatish mumkin bo‘lgan oziq-ovqat qoldiqlarini chiqindiga chiqaradilar. BMT tadqiqotining ko‘rsatishicha, ishlab chiqariladigan oziq-ovqatning uchdan biri axlatga tashlanar ekan.

Oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari insoniyat uchun ozuqaning muqobil manbalarini topishga urinib kelmoqdalar. Oxirgi o‘n yilliklarda oqsil manbai sifatida iste'mol qilish mumkin bo‘lgan hasharotlar fermalari rivojlantirilmoqda. Misol uchun, Shveytsariyada Yevropada birinchi bo‘lib chigirtka va qurtlardan tayyorlangan oziq-ovqatlarni sotishga ruxsat berilgan.   

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid