O‘zbekiston | 07:20 / 15.10.2017
89431
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Ilgizar Sobirovni Xorazm viloyatining yangi hokimi sifatida tanishtirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan Ilgizar Matyakubovich Sobirov Xorazm viloyati hokimi lavozimiga tayinlandi.

«O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 15-bandi va 102-moddasi hamda xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashining qaroriga muvofiq Ilgizar Matyakubovich Sabirov Xorazm viloyatining hokimi lavozimiga tayinlansin», deyilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 oktabr kuni imzolagan farmonda.

Ilgizar Sobirov Xorazm viloyati rahbari lavozimida Po‘lat Bobojonovni almashtirdi. Viloyatning avvalgi hokimi O‘zbekiston ichki ishlar vaziri etib tayinlangach, Ilgizar Sobirov viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi.

1959 yilda tug‘ilgan Ilgizar Sobirov 2003—2005 yillarda Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumaniga hokimlik qilgan. 2005 yili Oliy Majlis Senatiga saylangan. 2006 yili Senat raisi etib saylanib, 2015 yilga qadar (ikki muddat) shu lavozimda ishlagan.

Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi vaqtida Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida qatnashib, Ilgizar Sobirovni viloyatning yangi hokimi sifatida tanishtirdi.

«2012 yildan buyon viloyatga rahbarlik qilib kelgan Po‘lat Razzoqovich Bobojonovning munosib hissasi borligini barchamiz yaxshi bilamiz. 

Bu rahbar berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida mas'uliyat bilan bajarishi, el-yurt manfaati uchun jon kuydirishi, tashabbuskorlik va talabchanlik fazilatlari sababli viloyatda obro‘-e'tibor qozondi. 

Ana shunday rahbarlik salohiyatini hisobga olib, P.Bobojonovni yanada mas'uliyatli vazifaga – ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinladik. 

Xalq deputatlari viloyat kengashidagi siyosiy partiyalar guruhlari bilan, viloyat faollari va oqsoqollari bilan maslahatlashgan holda, men katta tajribaga ega bo‘lgan, bir necha yillar davomida yuqori lavozimlarda ishlagan, bugungi kunda viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Ilgizar Matyaqubovich Sobirov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etaman. 

I.Sobirov 1959 yilda tug‘ilgan. O‘z faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Toshkent yuridik instituti, Oliy sud, Oliy xo‘jalik sudi, Prezident devonida mas'ul lavozimlarda ishlagan. Qo‘shko‘pir tumani hokimi, Oliy Majlis Senati Raisi, Xorazm viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan, 2017 yil fevral oyidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xorazm viloyati Xalq qabulxonasi mudiri vazifasini bajarib kelgan. 

Ilgizar Sobirov Xorazm viloyatining sharoitini, uning iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatini, bu yerdagi rahbarlarni yaqindan biladi», degan prezident.

Mavzuga oid