Jahon | 08:55 / 16.10.2017
16524
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston prezidenti davlat tuzilmalariga talab qo‘ydi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon davlat tuzilmalaridan tadbirkorlarning faoliyatiga asossiz aralashmaslikni talab qildi. U biznes sohasidagi muntazam tekshiruvlar mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga to‘sqinlik qilishini ta'kidladi.

Imomali Rahmonning Dushanbe shahrida o‘nlab tadbirkorlar bilan 14 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytishicha, haligacha tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini ko‘p sonli tekshiruvlardan o‘tkazish holatlari kuzatilmoqda hamda bu tashvishga sabab bo‘lmoqda. «Asossiz tekshiruvlar oldini olish uchun, men amaldagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha Adliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha qo‘mita, Davlat mulki qo‘mitasi hamda Soliq qo‘mitasiga tegishli ko‘rsatma berdim», - dedi davlat rahbari.

Avvalroq, ba'zi biznes vakillari Tojikistonda xususiy tadbirkorlarga munosabat yaxshilanmasa, mamlakatda nafaqat biznes inqirozga uchrashi, balki investitsiyalar oqimi ham to‘xtashini xabar berishgandi.

Ba'zi mahalliy tadbirkorlar vatanlarini tark etib, hozirda Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda biznes yuritishmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, davlat organlarining ko‘plab tekshiruvlari, moliyaviy bahslarni adolatli ko‘rib chiqish uchun mustaqil sud tizimining yetishmasligi va biznesni yo‘qotish xavfi tufayli mamlakatdan o‘z kapitallarini olib chiqishga majbur bo‘lishgan.

Shu bilan birga, davlat rahbarining ta'kidlashicha, o‘z navbatida, tadbirkorlar ham vijdonli bo‘lishi kerak. «Soliq yuklari kuchsizlanganiga qaramay, haligacha ayrim tadbirkorlar soliqdan qochishmoqda va real daromadlarini yashirishmoqda», - deya ta'kidlab o‘tdi prezident. Uning qo‘shimcha qilishicha, joriy yilning sakkiz oyida tadbirkorlar tomonidan yashirilgan soliq to‘lovlarining miqdori 1,5 milliard somoniydan ko‘proqni (170 mln. dollar) tashkil qildi.

Mavzuga oid