Jamiyat | 22:40 / 20.10.2017
14658
6 daqiqa o‘qiladi

Muzeylarimizga e'tibor berish vaqti kelmadimikan?

Foto: KUN.UZ

Kuni kecha Toshkent shahridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazida Gilam muzeyi ochildi. Ma'lum bo‘lishicha, bu yil Boku shahridagi dunyoda yagona Gilam muzeyi tashkil qilinganiga 50 yil bo‘libdi. Markaz direktori Samir Abbosning so‘zlariga ko‘ra, har yili 5 may kuni Ozarboyjonda Milliy gilam kuni nishonlanadi. Yig‘ilganlarga Ozarboyjon gilamchiligiga bag‘ishlangan videofilm namoyish etildi. Unda Ozarboyjon  gilamchilik maktabi, Bokudagi Latif Karimov nomidagi Gilam va xalq amaliy san'ati muzeyi haqida so‘z yuritildi, videotasvirlar namoyish etildi. 

Ozarboyjon gilamchiligi tarixi Bronza asriga borib taqaladi. Bugungi kunda jahon muzeylarida saqlanayotgan gilamlar o‘z davrida Ozarboyjondan kelgan sayyohlar, savdogarlar va olimlar tomonidan olib kelingan. AQShda Oq uy va Davlat departamenti binosida, Londondagi "Viktoriya va Albert" muzeyida, Parij va Budapeshtdagi "Dekorativ san'at", Nyu-Yorkdagi "Metropoliten", Sankt-Peterburgdagi "Ermitaj", Istanbuldagi "To‘pqopi", Erondagi "Bositon", "Guliston" va boshqa muzeylarda Ozarboyjon gilamlari namunalarini ko‘rish mumkin.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, Ozarboyjonda muzeylarga e'tibor juda katta, zero bu mamlakatga sayyohlarni jalb qilishda muhim rol o‘ynaydi. 

Iyul oyida Ozarboyjonga borganimda Boku shahridagi Gilam muzeyida bo‘ldim va u menda juda katta taassurot qoldirdi. Binoning qurilishiga alohida ahamiyat qaratilgan - u yig‘ilayotgan gilam shaklida bunyod etilgan. Uch qavatli binoda Ozarboyjon gilamchiligining eng go‘zal va noyob namunalari to‘plangan. Gilamlar yoysimon devorlarda o‘ziga xos ravishda namoyish etilgan. U yerda gilamlardan tashqari xurjunlar, gilam paypoqlar kabi boshqa to‘qimachilik namunalari, shuningdek amaliy san'at namunalarini tomosha qilish mumkin.

Ta'kidlash joizki, Gilam muzeyi so‘nggi texnologiyalarga asosan jihozlangan. Devorlardagi "suratlar"da gilam to‘qish sirlari, gilamchilik tarixi, iplarga bo‘yoq berishga doir videotasvirlar namoyish etiladi. Muzeyning hatto poli ham e'tibordan chetda qolmagan, unda Ozarboyjon gilamlarining turli surat va videotasvirlarini ko‘rish mumkin. 

Har bir qavatda muayyan bir gilamchilik maktabi namoyondasi muzey mehmonlari ko‘z o‘ngida gilam to‘qib, qiziqish bildirganlarga bu borada bajonidil izoh beradi. 

Bundan tashqari, Gilam muzeyining birinchi qavatida turli gilamchalar, sholchalar, joynamozlar, ipak ro‘mollar, turli milliy suvenirlar va esdalik sovg‘alarini xarid qilish mumkin bo‘ladi. 

O‘ylanib qoldim... O‘zbekiston gilamlari ham alohida e'tiborga loyiq bo‘lsa, turfa xil gilamlarimizga dunyo sayyohlarining qiziqishi katta bo‘lsa, nahot bizda shunday Gilam muzeyini tashkil qilish mumkin bo‘lmasa?! Juda chiroyli va sayyohlar e'tiborini jalb qiladigan ajoyib maskan bo‘lardi, nazarimda. Boz ustiga, gilamchilikka qiziqadigan yoshlarning soni ham oshardi. Bizda ham o‘zbek gilamchiligini targ‘ib qiluvchi videolar namoyish etilsa, odamlarda qiziqish uyg‘otilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. 

Umuman olganda, nafaqat gilamchilik, balki o‘zbek hunarmandchiligining har bir sohasi haqida alohida filmlar ishlansa, ularning keng targ‘iboti yo‘lga qo‘yilsa, qanday yaxshi bo‘lardi! 

Muzeylarga keladigan bo‘lsak, mamlakatimizdagi muzeylar biroz zerikarlidek, nazarimda. Shuning uchun ham ularda odam kam. Muzeylarimizni zamonaviy texnologiyalar bilan boyitib, nafaqat sayyohlar, balki mahalliy aholini ham tarix bilan tanishtirish va qiziqtirish mumkin-ku, axir. 

Bundan avval KUN.UZ'da Ozarboyjonning turli muzeylari bo‘yicha maqolalar va suratlar berilgan. 

Zamonlararo sayohat: Gobuston - Ozarboyjondagi ochiq osmon ostidagi muzey (fotojamlanma)

Otashgoh - Ozarboyjondagi mangu olov ibodatxonasi (fotojamlanma)

Icheri sheher - shahar ichidagi shahar (fotojamlanma)

«Gulxanlar mamlakati» bo‘ylab sayohat (foto+video)

To‘g‘risi, dastavval "muzeyga boramiz" deyishganda zerikarli sayohat bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim, biroq Ozarboyjon muzeylariga borib hayratga tushdim. Ulardan bu borada o‘rganadiganlarimiz juda ko‘p, nazarimda.

Diqqatimni tortgan yana bir jihat, har bir muzeyda mehmonlar uchun ham qayg‘urilgan - bir necha tilda so‘zlovchi gidlar xizmatingizga tayyor turadi, tik oyoqda turib charchaganlar uchun maxsus o‘tirish joylari mavjud. Hatto ochiq osmon ostidagi muzey hisoblangan Gobustonda ham tog‘u toshlar orasidan yurish qiyin bo‘lmasligi uchun maxsus yo‘laklar yaratilgan. 

Bugungi kunda O‘zbekistonda turizm rivojiga katta e'tibor qaratilayotgan ekan, o‘ylashimcha, qaysi hududda qaysi hunarmandchilik turi rivojlangan bo‘lsa, o‘sha yo‘nalishda muzeylar tashkil qilinsa, ularga zamonaviy texnologiyalar jalb qilinsa, bu sayyohlarda katta taassurot qoldiradi va O‘zbekistonga yanada ko‘proq sayyohlarni jalb qiladi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid